Shimanovskiy Karol Masey

Shimanovskiy Karol Masey (1882. 6.10, Timoshovka, Ukraina — 1937. 29.3, Lozanna) — polyak kompozitori, pianinochi, musiqajamoat arbobi, zamonaviy milliy kompozitorlik maktabi asoschisi, musiqiy orientalizmning yirik namoyandasi. San’atkorlar oilasida tug’ilib, bolaligidan otasi, so’ng tog’asi (G.V.Neygauz)dan fortepiano saboqlarini olgan, 8 yoshida ilk ommabop kontsert bergan. 1901 yildan Varshavada yashab, kompozitsiya va nazariy fanlardan ta’lim olgan, 1905 yil “yosh Polsha” kompozitorlari safiga qo’shilgan. Keyinchalik Avstriya va Germaniyada tahsil ko’rish jarayoni Shimanovskiy ijodiy uslubiga salbiy (milliylashish o’rniga — nemislashish yo’sinida) ta’sir ko’rsatgan. Ijodiy inqirozdan qutulish maqsadida Jazoir, Tunis va boshqalar Sharq mamlakatlariga yo’l olib, ommaviydiniy marosim kuy va usullarini yozib olgan. Avvallari ham sharqona mavzularga (“Zulayho” qo’shig’i, “Hofizning ishqiy qo’shiqlari” turkumi) murojaat qilib kelgan Shimanovskiy, safardan qaytgach, “Hofizning ishqiy qo’shiqlari — II”, R.Tagor she’rlariga va “ehtirosli muazzin qo’shiqlari” vokal turkumlarini yaratdi (“Allohu Akbar” deb nomlangan ilk qismida musiqiy orientalizmni teranlashtirib, taqlid manbaiga usluban tenglashishga muyassar bo’lgan). Kompozitorning sharqona asarlarining eng yetuk namunasi — Jaloliddin Rumiyning “Imshab” (“bu kecha”) radifli g’azali asosida — yakkaxon xonanda, xor va simfonik orkestr uchun yaratgan “tun haqidagi qo’shiq” nomli 3-simfoniyasi (1914) dir. Shimanovskiy, shuningdek, “Xagit” (1922), “Qirol Roger” (1926) operalari, “Xarnasi” (1934) baleti, qator diniy asarlar (mashhuri — “Stabat mater”), cholg’u kontsertlar, o’nlab kamer turkumlar (ular orasida “Shahrizoda”), bir qancha ilmiy maqolalar va “Efeb” romani muallifi. Musiqiy romantizm va impressionizm tamoyillari, Uyg’onish davri musiqa unsurlari hamda milliy folklor janrlaridan ijodiy foydalanib, o’ziga xos musiqa uslubini yaratgan. To’xtasin G’afurbekov.