Shimpanze
Shimpanze (Rap) — odamsimon maymunlar oilasiga mansub urug’. Bo’yi 150 santimetrgacha, vazni 50-60 kilogramm (Pakana Shimpanze ancha kichik). Oddingi oyoqlari orqadagisiga nisbatan uzun, panjasi tor, 1-barmog’i kalta, boshqalari uzun. Orqa oyog’i barmoqlari o’rtasida qisqa teri parda bor. Jun rangi qora, boshi kichikroq, dumaloq, yuz skeleti bir oz oldinga bo’rtib chiqqan. Bosh miyasi 350— 550 sm3. Quloq suprasi katta, tishlari boshqa odamsimon maymunlarga nisbatan kuchsiz rivojlangan. 2 turi: oddiy Shimpanze (3 kenja turi: shveynfurtov Shimpanze, Chege Shimpanze, oddiy Shimpanze), Pakana Shimpanze (junlari uzun, labi qizil) bor. Sharqiy ekvatorial Afrika va tanganikada tarqalgan. Yerda va daraxtda yashaydi, kafti orqasiga tayanib harakatlanadi, ko’chib yuradi, tunash uchun shox-shabbalardan murakkab in quradi. Hammaxo’r. Voyaga yetgan erkaklari qushlar va boshqalar mayda hayvonlar (tuyoqlilar bolasi, martishkalar, pavianlar)ni ov qiladi. 6-10 yilda voyaga yetadi. Homiladorlix davrk 225 sutka, bolasini 3-4 yil boqadi. 50-60 yil umr ko’radi. Poda (50 yoki ko’proq individdan iborat) bo’lib yashaydi. Podaga kuchli erkagi boshchilik qiladi. Shimpanze juda qiziquvchan va emotsional hayvon. O’zaro tovush signallari (30 dan ortiq), imoishora, mimika, gavda holati orqali aloqa qiladi; oddiy narsalarni ishlatishni biladi. Laboratoriya hayvonlari sifatida foydalaniladi. Shimpanze ko’pchilik belgilariga ko’ra, biokimyoviy va genetik jihatdan odamga eng yaqin turadi. Shimpanze ikkala turining ham xromosomalar to’plami o’xshash bo’lib, 48 ta xromosomadan iborat. Molekulyar gibridizasiya orqali odam bilan Shimpanze DNKsi o’rtasidagi farq boshqa hayvonlar bitta urug’i 2 turi o’rtasidagi farqdan katta bo’lmasligini ko’rsatdi. Tajribalar Shimpanzeni ancha murakkab vazifalarni uddalay olishi, narsalarni qurol sifatida ishlata bilishi (yosh novdalarni sindirib olib, barg va po’stloqdan tozalashi, shiftga osilgan bananni yashiklarni ustmaust taxlab olishi), imo-ishoralarni o’rganib, o’z so’z boyligini orttirishi, ulardan ongli foydalana bilishi aniqlangan. Fiziologlar va psixologlar Shimpanzedan odam ajdodlari ongining rivojlanishini o’rganishda model sifatida foydalanishadi. Shimpanze tutqinlikka yaxshi ko’nikadi va ko’payadi. Shimpanze soni tabiatda keskin kamayib bormoqda. Pakana Shimpanze tabiatni muhofaza qilish xalqaro tashkiloti qizil kitobiga kiritilgan. N.S. Shin. “O’qituvchi oilasi” (1977).