Shirkat, xo’jalik shirkati

Shirkat, xo’jalik shirkati — jismoniy va yuridik shaxslarning shartnoma asosida va hamkorlikda xo’jalik faoliyati yuritish maqsadlarini ko’zlaydigan ixtiyoriy birlashmasi. Shirkat a’zolari xo’jalik shartnomasi asosida ish yuritadilar, unda Shirkatning maqsadlari, Shirkat mulkini barpo etishda a’zolar ishtiroki va badal miqdori, olinadigan foydaning taqsimlanishi hamda Shirkat tugatilganda mulkning o’zaro taqsimlanishi, boshqarishda ishtirok etish huquqlari belgilab qo’yiladi. Shirkat mulki hamisha Shirkat a’zolarining hissaviy badallari negizida shakllanadi. Mulkni barpo etish tamoyili Shirkat turiga bog’liq. Muassislik shartnomasi va ustav Shirkatning ta’sis hujjatlari hisoblanadi. O’zbekiston Respublikasi va xorijiy mamlakatlar xo’jalik hayotida Shirkatning to’liq Shirkat, kommandit (aralash) Shirkat turlari ko’proq tarqalgan. To’liq Shirkat xo’jaliklarda yakka shaxslar yoki tadbirkorlar, tijorat tashkilotlari ta’sis shartnomasida belgilangan maqsadlarni amalga oshirish uchun o’z faoliyati va kapitallari bilan ishtirok etadilar. Shirkat majburiyatlari bo’yicha o’zlariga tegishli jami molmulk bilan birdamlikda javob beradilar. Ishtirokchilarning har biri boshqa huquqlar bilan bir qatorda korxonani boshqarishda ishtirok etadi va har bir shaxs bir ovozga ega bo’ladi, har bir ishtirokchi faqat birgina to’liq Shirkatga a’zo bo’lishi mumkin. Masalan, 90-yillarning 2-yarmidan boshlab O’zbekiston qishloq xo’jaligida sobiq kolxozlar — jamoa xo’jaliklari yopiq Shirkat xo’jaliklari — paychilar xo’jaligi shakliga o’tkazila boshladi va 1,4 milliondan ortiq dehqonlar Shirkatdagi pay mulki egalariga aylandi (2004). Kommandit Shirkat a’zolari Shirkat majburiyatlari bo’yicha o’zining jami molmulki bilan javob beradigan bir yoki undan ortiq ishtirokchilar bilan bir qatorda javobgarligi qo’shgan ulushi miqdori doirasida cheklanadigan bir yoki bir nechta qatnashchi (kommanditchi)lardan tashkil topadi. Shirkatning tugatilishi xo’jalik Shirkatlari haqidagi qonunlarda va Shirkatning ta’sis shartnomasida ko’zda tutilgan tartibda amalga oshiriladi. Rasulmat Husanov.