Shahrixon

Shahrixon — Andijon viloyati Shahrixon tumanidagi shahar, tuman markazi, viloyatning Janubi g’arbida, Shahrixonsoy sohilida joylashgan. Sharq va Janubdan katta Farg’ona kanali oqib o’tadi. Andijon shahridan 25 kilometr. Temir yo’l stantsiyasi. Aholisi 61,3 ming kishi (2004). Shahrixon 1809-21 yillarda Qo’qon xoni Amir Umarxon farmoni bilan qurilgan (nomi shundan). O’sha davrda xon Farmoni bilan Shahrixon bozoriga kelib savdo qiluvchilardan yig’im puli olinmagan. Natijada shaharga keluvchi karvonlar soni ko’paygan. 19-asr oxirida shaharda bir qancha korxona, shu jumladan, paxta tozalash zavodi ishlab turgan, 27 ta guzar, O’rda masjidi va minoralar bo’lgan. Shahrixon hunarmandchilik buyumlari bilan mashhur. Ayniqsa, pichoqchilik, beshikchilik, kosibchilik, do’ppido’zlik, misgarlik hunarlari san’at darajasiga yetgan. 1916 yilda rus podshosining mahalliy aholini mardikorlikka safarbar etilishiga qarshi xalq g’alayoni bo’lib o’tgan. 1928 yilda shaharga Asakadan 15 kilometr uzunlikdagi temir yo’l o’tkazilgan. Shahrixonda tikuvchilik, trikotaj, paxta tozalash, to’qimachilik korxonalari, qurilish tashkilotlari, avtokorxona ishlab turibdi. Shuningdek, O’zbekiston—Xitoy “Rivoj-Tyanjin”, O’zbekiston—Hindiston “Rivojnorind”, O’zbekiston—Germaniya “Interteks”, O’zbekiston—Rossiya “Anteks” qo’shma korxonalari faoliyat ko’rsatadi. 10 umumiy ta’lim maktabi, 2 kasb-hunar kolleji, litsey, 2 musiqa maktabi, 1 sport maktabi, muzey, madaniyat saroyi, Markaziy kutubxona va uning tarmoklari ishlab turibdi. 2 kasalxona, 3 poliklinika, tez tibbiy yordam markazi, sanatoriy aholiga xizmat ko’rsatadi. Shahar yonidan Toshkent—O’sh avtomobil yo’li o’tgan.