Ryazan viloyati
Ryazan viloyati — Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi viloyat. 1937 yil 26 sentabrda tashkil etilgan. Rossiya Yevropa qismining markazida joylashgan. Markaziy federal okrugiga kiradi. Maydoni 39,6 ming km2. Aholisi 1228 ming kishi (2002), asosan, ruslar (96,1%), shuningdek, ukrain (1,2%), mordva (0,6%) va boshqa millat vakillari (2,1%) ham yashaydi. Shahar aholisi — 68,9%. 25 ma’muriy tuman, 12 shahar va 26 shaharchadan iborat. Markazi — Ryazan shahri. Boshqa yirik shaharlari: Skopin, Kasimov. Viloyat oka daryosining o’rta va quyi qismlarida joylashgan, yer yuzasi tekislik. Shimoliy qismi Meshchyora pasttekisligi hududida (balandligi 80-130 metr), Okaning o’ng sohilida Oka-Don tekisligi (eng baland joyi 180 metr). G’arbiy qismi O’rta Rossiya qirlari bilan band (eng baland joyi 236 metr). Ohaktosh, gil, kum, qo’ng’ir kumir, torf konlari bor. Iqlimi mo’tadil kontinental. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -11°, iyulniki 19°. Yillik yog’in 550 mm (asosan, yozda yog’adi). Vegetatsiya davri 180 kun. Asosiy daryosi — oka va uning irmoqlari (Pra, Gus, Pronya, Para, Moksha, Ranova, Sna). Meshchyora pasttekisligida Dubovoe, Velikoe, Chyornoe, beloe va boshqa ko’llari bor. Tuprog’i podzol, sur tusli o’rmon tuprog’i, qoratuproq. Hududining 35% o’rmon. Tiyin, tulki, quyon, bo’ri, qobon, Los yashaydi. Viloyat hududida Meshchyora milliy bog’i, oka qo’riqxonasi joylashgan. Sanoatining asosiy tarmoqlari: elektroenergetika, neftni qayta ishlash, kimyo (kimyo tolasi va iplari), mashinasozlik (Rossiyada ishlab chiqariladigan metall kesuvchi stanoklarning 9%; televizorlarning 18%; kartoshka qazish kombaynlari, hisoblash texnika vositalari), to’qimachilik sanoatlari mavjud. Yirik korxonalari: neftni qayta ishlash, stanoksozlik zavodlari, “Viskor” (kimyo tolasi va iplar), hisoblash analitik mashinalari korxonasi, avtoagregatlar zavodi, “Safyan” (ko’n mahsulotlari), “Kombayn”, “korteks” (ipak gazlamalar) korxonalari, Ryazan radio zavodi. Ryazan issiqlik elektr stantsiyasi va boshqalar ishlab turibdi. Qishloq xo’jaligining muhim tarmog’i — go’sht-sut yo’nalishdagi chorvachilik. qoramol, qo’y, cho’chqa, parranda boqiladi. Nasldor yilqichilik rivojlangan (2 ot zavodi bor). Arpa, bug’doy, suli, kand lavlagi, yem-xashak ekinlari ekiladi, meva va rezavor meva yetishtiriladi. Oka, Moksha, Sna daryolarida kema qatnaydi. Temir yo’l uzunligi — 943 kilometr. Avtomobil yo’llar uzunligi 6475 kilometr (1997). 4 oliy o’quv yurti, ilmiy tadqiqot instituti, 3 teatr, 8 muzey (shu jumladan, tarixiy-me’moriy muzey-qo’riqxonasi, Konstantinovo qishlog’ida S.A.Yesenin adabiy memorial muzeyi), 20 dan ziyod sanatoriy, kurort va dam olish uylari (shu jumladan, Solotcha iqlim kurorti) bor.