Ro’zi Qodiriy
Ro’zi Qodiriy (taxallusi; asl ism-sharifi Ro’ziyev Ro’zi) (1925.6.6, Qashqar — 2001.11.8, Toshkent) — uyg’ur shoiri va adabiyotshunosi. Qashqar shahridagi gimnaziyada (1942-45), keyin Urimchi shahridagi milliy institutda (1945-47) o’qigan. Sovet fuqaroligini olib, G’uljada o’qishni davom ettirgan (1947— 49). “Janubiy Tyanshan” gazetasida bo’lim mudiri, Janubiy Sintszyan adabiyot va san’at xodimlari uyushmasining mas’ul kotibi, Janubiy Sintszyandagi sovet fuqarolarining “Bizning yo’l” gazeta muharriri bo’lib ishlagan (1950-55). 1955 yilda O’zbekistonga kelib, Toshkent universitetini tugatgach (1961), Til va adabiyot institutida ilmiy xodim (1985 yildan). “Dahshatli izlar”, “Lola va Qurbon” (1948-49) dostonlari, “Zulmat va tong”, “kurash va o’ch”, “Aminaxonimning uyasi” (1950-55) dramalari bor. Ro’zi Qodiriy O’zbekistonga ko’chib kelganidan keyin uyg’ur tilida “Uchqun” (1956), “Uyg’ur ertaklari” (1956), o’zbek tilida esa “kurash ilhomlari” (1959), “Uyg’ur qo’shiqlari” (1960), “Bahodir o’g’lon” (1962), “Qashqar qo’shig’i” (1965), “qutlug’ Diyor” (1969), “Xiva gullari” (1972), “G’ururim” (1978), “Hurriyat sabolari” (2001) singari she’riy to’plamlarni e’lon qilgan. As: Uyg’ur realistik adabiyotining rivojlanishi, T., 1979.