Romanov qo’y zoti
Romanov qo’y zoti — po’stinbop teri beradigan dag’al junli qo’y zoti. 18-asrda Yaroslavl guberniyasi (Rossiya)ning Volgabo’yi hududlarida mahalliy shimoliy kalta dumli qo’ylardan xalq selektsiyasi asosida yaratilgan. Qo’chqorlarining tirik vazni 65-70, sovliklariniki 45-55 kilogramm. Qo’chqorlaridan 2-3 kilogramm, sovliqlaridan 1,5—1,7 kilogramm jun olinadi. Juni uzunligi 3-8 santimetr. Junidan kigiz etik (piyma) bosiladi. Romanov qo’y zotining jun qoplamida qiltiq tolaga nisbatan tivit tolalar ko’p, o’rtacha nisbati 1:5, 1:6. Tivit tolasining uzunligi bo’yicha qiltiq toladan ko’p bo’lgani uchun jun qoplami oshlangan terida yotib (yassilanib) qolmaydi. Romanov qo’y zotining eng muhim xislati ular tabiatan tug’ma serpushtdir. 100 qo’ydan o’rtacha 225-235 qo’zi olinadi. Ayrimlari 4 ta, hatto 6 tagacha qo’zi tug’adi. 20-asrning 80-yillarida Romanov qo’y zoti Qorako’l qo’ylari pushtini oshirish maqsadlarida O’zbekiston qorako’lchilik ilmiy tadqiqot institutida o’rganilgan. Qorako’l sovliqlarini Romanov qo’y zoti qo’chqorlari bilan chatishtirishda e’tiborga loyiq natijalar olingan, lekin tadkiqotlar hali yakunlanmagan.