Romiz, Mannon Romiz, Ramziy
Romiz, Mannon Romiz, Ramziy (taxalluslari; asl ism-sharafi Abdullayev Mannon) (1895, Toshkent — 1938, Krasnoyarsk) — jurnalist, yozuvchi, jamoat arbobi. 1918 yilning 2-yarmidan 1930 yil 1 sentabrgacha turli partiya-sho’ro rahbarligi lavozimlarida ishlagan. Milliy matbuot, nashriyot va maorif ishlarining rivojlanishida faol ishtirok etgan. “Turkiston”, “kambag’al dehqon”, “Qizil O’zbekiston” gazetasi, “Yer yuzi”, “maorif va o’qituvchi” jurnal muhirriri (1927-29), Maorif xalq komissari (1929). Adabiy-jurnalistik faoliyati 1920 yildan boshlangan. Adabiy-tanqidiy va publitsistik maqolalar yozgan. Publitsist sifatida o’z davrining muhim siyosiy-ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy-ma’rifiy masalalari, muammolari yuzasidan fikrlar bildirgan, ularning hal etilishiga muayyan hissa qo’shgan. Romiz 1924-25 yillarda Pomirda ishlagan. O’sha yerdagi faoliyati asosida “Pomir Badaxshonga sayohat” turkum sayohatnomasini yaratgan (1925). “Oktyabr vaxalq maorifi” (1927), “xayoldan haqiqatga” (1928), “Lotinlashtirish kurashida” (1928) kabi kitoblar muallifi. 1930 yil 5 sentabrda “Narkompros ishi” bo’yicha qamoqqa olingan va “xalq dushmani” sifatida otib tashlangan. Shaxsga sig’inish oqibatlari fosh etilgandan so’ng oqlangan.