Rim
Rim — Italiyaning poytaxti. Rim provintsiyasi va Latsio viloyatining ma’muriy markazi. Rimning g’arbiy qismida Vatikan shahar davlati joylashgan. Rim — dunyoda eng qadimgi va tarixiy hamda madaniy yodgorliklarga boy shaharlardan bo’lib, “mangu shahar” nomini olgan. Shahar vulkanik kelib chiqqan sertepa tekislikda, Tibr daryosining har ikki sohilida, uning Tirren dengiziga quyilish yerida joylashgan. Iqlimi O’rta dengizga xos iqlim, yanvarning o’rtacha temperaturasi 6,8°, iyulniki 26°. Yillik yog’in 500 mm dan ziyod (asosan, kuzda yog’adi). Qishda sovuq tramontana, yozda quruq va issiq sirokko shamollari esadi. Rim — Italiyaning aholisi eng ko’p shahri, 2,4 million kishi (2001). 19-asrgacha aholisi sekin ko’paygan, 1871 yilda Rim Italiya qirolligi poytaxti deb e’lon qilingach, aholi tez sur’atlarda o’sdi. “Rim” nomi shaharning afsonaviy asoschilaridan bir bo’lgan Romul nomi bilan bog’liq. Qadimgi manbalarga asosan Rimga miloddan avvalgi 754-753 yillarda asos solingan. Kichikroq shahardavlat hisoblangan Rim Apennin yarim oroli, keyinroq atrofdagi hududlarni sekin-asta o’ziga bo’ysundirgan holda O’rta dengiz bo’yidagi ulkan qadimgi Rim davlatining poytaxtiga aylandi. Antik Rim yirik shahar bo’lib, o’zining juda ko’p ibodatxona, saroy, yo’llari va hokazolar bilan mashhur bo’lgan. Konstantin I tomonidan poytaxtning Konstantinopol shahriga ko’chirilishiga (330 yil) bog’liq ravishda Rim o’zining avvalgi siyosiy mavqeini yo’qotdi. Shahar Vizantiya bilan ostgotlar o’rtasidagi urushda ayniqsa vayron qilindi. 552 yildan Rim Vizantiya hukumronligi ostiga o’tdi. 568 yildan 8-asr o’rtalarigacha shaharni Rim episkoplari — papalar boshqardilar. 756 yildan Papalikning poytaxti bo’lgach, shahar G’arbiy Yevropaning siyosiydiniy markaziga, Rim papalarining qarorgohiga aylandi. O’rta asrlar davomida Rim uchun Papa hokimiyati va “Muqaddas Rim imperiyasi” imperatorlari o’rtasida kurash davom etgan. 11 —12-asrlarda Rimda vayron etilgan antik binolar o’rnida qasrlar, cherkov qurilishlari boshlab yuborildi. 1143 yilda Papa hokimiyatiga qarshi qo’zg’olonlar natijasida Rimda respublika o’rnatildi. O’rta asr Rimining hayoti uning katolik dunyosi markazi bo’lganligi bilan bevosita bog’liq bo’lgan. Bu yerda “Muqaddas Rim imperiyasi” imperatorlariga toj kiydirish marosimlari o’tkazilgan. 1309 yilda Papalar qarorgohining Rimdan Avinon shahriga ko’chirilishiga bog’liq holda shaharda savdo-hunarmandchilik rivojlanib bordi. 15-16-asrlarda Uyg’onish davriga kelib Rim yanada ravnaq topdi. Rimdagi ko’plab rassom, me’mor va boshqa ijod ahlining faoliyati aynan shu davr bilan bog’liq. 1798— 99 yillarda 1-Rim Respublikasining, 1848-49 yillarda Rim Respublikasining markazi. 1871 yil 26 yanvardan Rim — Italiya qirolligi poytaxti. 1943-44 yillarda nemis fashistlari qo’shini Rimni bosib oldi, 1944 yilda ulardan ozod qilindi. 1946 yildan Italiya Respublikasi poytaxti. Rim — mamlakatning muhim sanoat, moliyaviy, ilmiy va madaniy markazi. Italiyada eng yirik transport yo’llarining tuguni. Xalqaro ahamiyatga ega 2 ta aeroport bor. Metropoliten qurilgan (1927-38). Sanoatning yetakchi tarmog’i — mashinasozlik (asosan, elektrotexnika, redioelektronika, priborsozlik). Kimyo, farmasevtika, poligrafiya, tikuvchilik, oziq-ovqat, mebel sanoati korxonalari mavjud. Qurilish materiallari ishlab chiqariladi. Rim — kino sanoati markazi sifatida ham mashxur. Badiiy hunarmandchilik (keramika, kumush buyumlar yasash va boshqalar) rivojlangan. Shaharda ma’muriy boshqaruv va hukumat idoralari, siyosiy partiyalarning boshqaruv organlari, yirik banklar, savdo va sug’urta kompaniyalari, xorijiy firmalarning idoralari, xalqaro tashkilotlarning shtabkvartiralari joylashgan. Muzeylar, jumladan, Milliy Rim muzeyi, vatikan muzeylari, Milliy galereya, opera va drama teatrlari, konservatoriya, astronomiya rasadxonasi, universitet (1303), akademiyalar, ilmiy muassasalar, kutubxonalar bor. Me’moriy yodgorliklar shaharning 3 ming yillik tarixini, uning murakkab va takrorlanmas shahar ekanligini aks ettirib turadi. Shaharning xushmanzara tepaliklarda joylashganligi, bahaybat imoratlar xarobalari va turli davrlarga oid muxtasham saroylar, cherkovlar, favvora, monumentlar va manzarali haykallarning ko’pligi, maydonlarning rang-barangligi bilan ham u o’ziga xosdir. Qadimgi Rim me’moriy yodgorliklari (forum, Kolizey, Panteon), Uyg’onish davri va barokko uslubiga mansub inshootlar (Kanchelleriya, Franeziya, Barberini palassolari, Pyassa, Navon, Villa va boshqalar) Rimni bezab turadi. 4-6-asrlarda Rimda cherkov bazilikalari, 11-13-asrda roman uslubiga xos inshootlar qurildi. Ularda ko’proq roman uslubi bilan antik me’morlik tamoyillari uyg’unlashib, italyan roman me’morligining o’ziga xos xususiyatlari shakllandi. 13-14-asrlarda Rim me’morligida gotika uslubi namunalari paydo bo’ldi. 15-asr Ilk uyg’onish davri me’morligi ravnaq topdi. 16— 17-asrlarda barokko uslubiga xos tamoyillar takomillashdi. Inshootlarning keng ko’lamligi va mahobatliligi, serhashamligiga ahamiyat berildi. 18-asr o’rtalarida Rim me’morligida klassisizmning ilk namunalari yuzaga keldi. Ko’cha va maydonlar klassisizm ruhiga moslab rekonstruktsiya qilindi. 20-asr boshlarida Rim me’morligida modernizm ta’siri sezildi, shaharning imperiya davridagi ulug’vorligini tiklashga harakat qilindi. Zamonaviy qurilish materiallaridan foydalanishga ko’proq ahamiyat berildi. An’anaviy me’morlik elementlarini o’zida mujassam etgan yangi zamonaviy binolar shahar chekkalarida barpo qilina boshlandi. Rim — xalqaro turizmning eng yirik markazlaridan (yiliga 3 milliondan ortiq turist kelib ketadi). Shaharda dunyo ahamiyatiga ega bo’lgan noyob san’at boyliklari saqlanmoqda. Rimda ko’pgina xalqaro konferentsiyalar o’tkaziladi. 1960 yilda 17-olimpiada o’yinlari bo’lib o’tgan.