Rivojlanish

Rivojlanish — tabiat va jamiyatdagi qonuniyatli o’zgarish; bir sifat holatidan boshqasiga, eskidan yangiga o’tish. Rivojlanish natijasida ob’yektning — tarkibi yoki strukturasining yangi sifat holati vujudga keladi. Rivojlanish tabiat, jamiyat va bilish tarixini tushuntirishning umumiy tamoyilidir. Rivojlanishning 2 shakli mavjud: ob’yektning sekin-asta sodir bo’luvchi miqdor o’zgarishlari bilan bog’liq evolyutsion Rivojlanish va ob’yekt tuzilmasidagi sifat o’zgarishlaridan iborat-inqilobiy Rivojlanish. Evolyutsion Rivojlanish jamiyatda bir tizimning asta-sekin, keskin portlashlarsiz bir sifatiy asosdan ikkinchi sifatiy asosga o’tishini, inqilobiy Rivojlanish esa keskin portlash yo’li bilan bir sifatiy asosdan ikkinchi sifatiy asosga o’tishini bildiradi. Evolyutsion Rivojlanish jamiyatning yangi bosqichga uzluksiz va talafotlarsiz o’tishiga imkon beradi. Bunday o’tishda muayyan vaqt zarur bo’ladi. Inqilobiy Rivojlanishda jamiyatning eski asosiy tayanch nuqtalari yo’q qilinib, keskin sifatiy o’zgarishlar amalga oshiriladi. O’zbekiston mustaqillikka erishgach, yangi jamiyatga o’tishning evolyutsion Rivojlanish yo’lini tanladi. Bu yo’l jamiyat a’zolarining manfaatlariga zid kelmaydigan, muayyan vaqtni talab qiladigan va pirovardida samarali buladigan yo’ldir. Rivojlanishning progressiv, taraqqiyot turi bilan regressiv, tanazzul turi farqlanadi. Hozirgi zamon fanida Rivojlanishning maxsus ilmiy nazariyasi ishlab chiqilmoqda, unda asosan, qaytariluvchi jarayonlarni qarab chiquvchi klassik tabiatshunoslikdan farq qilgan holda, nochiziqli, sakrashsimon o’zgarishlar bayon qilinadi. Baxtiyor To’rayev.