Refraktsiya

Refraktsiya (lotincha refractus — singan) — yorug’lik nuri yoki elektromagnit to’lqinlari atmosferaning turli qatlamlari (zichligi, trasi, namligi, bosimi, sindirish ko’rsatkichi va boshqa xususiyatlari turlicha bo’lgan qatlamlari)dan o’tishida ularning egilish hodisasi. Yorug’lik atmosferaning har xil qatlamlaridan sinib o’tib, egri chiziq bo’yicha tarqaladi. Shu sababli, kuzatuvchi ob’yektni uning haqiqiy o’rni yo’nalishida emas, balki kuzatish nuqtasida vizirlash (qarash) nuriga urinma chiziq bo’yicha ko’radi. Refraktsiya vertikal va gorizontal xillarga bo’linadi. Vertikal Refraktsiya — kuzatish nuqtasida vizirlash nuriga urinma chiziq bilan kuzatish nuqtasini tutashtiruvchi to’g’ri chiziq orasidagi vertikal burchak. Vertikal Refraktsiya yorug’lik nuri yer atmosferasi chegarasidan o’tsa, geodezik Refraktsiya (yer Refraktsiyasi), kosmik jismlardan chikayotgan nur butun yer atmosferasi qatlamlaridan o’tib kelsa, astronomik Refraktsiya deyiladi. Gorizontal Refraktsiya kuzatish nuqtasida vizirlash nuriga urinma chiziq bilan kuzatish jismiga to’g’ri chiziq yo’nalishi orasidagi gorizontal burchak. Gorizontal Refraktsiya vizirlash nuri o’tadigan havo qatlamlarining zichligi va namligining har xil bo’lishi oqibatida kelib chiqadi. Gorizontal Refraktsiya qiymati planli geodezik tarmoqlarda sekundning o’nlarcha ulushidan, toki bir sekundgacha (noqulay sharoitlarda) qiymatni tashkil qilishi mumkin. Aniq o’lchashlarda gorizontal Refraktsiya ta’sirini kamaytirish maqsadida o’lchashlar har xil vaqt va sharoitlarda ko’p marta takroran bajariladi. Gorizontal burchaklarni ulchatshda vizirlash nuri bino va inshootlardan uzoqroqdan o’tishini ta’minlash gorizontal Refraktsiya ta’sirini kamaytirishga imkon beradi. Astronomik Refraktsiyada yoritqichdan kelayotgan nur butun atmosfera qalinligidan o’tadi. Bunda havoning zichligi va u bilan birga sindirish ko’rsatkichi borgan sari ortib boradi. Nur traektoriyasi qavariqligi Zenit tomonga qaragan bo’lib, unga o’tkazilgan AS’ urinma chiziq yoritqichning haqiqiy o’rnini ko’rsatuvchi AS chiziqqa nisbatan yuqoriroqdan o’tadi. Haqiqiy z va Refraktsiya tufayli o’zgargani Zenit masofalar ayirmasi Refraktsiya burchagi g deyiladi. Refraktsiya zenitda nolga teng bo’lib, Zenit masofa oshishi bilan ortib boradi. Yorug’lik Refraktsiyasi keng ma’noda yorug’likning sinishidir; bunda muhit sindirish ko’rsatkichi o’zgarishi bilan muhitdan o’tayotgan yorug’lik nurining yo’nalishi ham o’zgaradi. Ko’pincha, optik nurlanishning sindirish ko’rsatkichi nuqtadan nuqtaga ravon o’zgaradigan muhitdan o’tayotgan hollarda “yorug’lik Refraktsiyasi” termini, ikki bir jinsli, lekin turli sindirish ko’rsatkichiga ega bo’lgan muhitlar chegarasidan o’tayotgan nurning yo’nalishi keskin o’zgargan hollarda “sinish” termini ishlatiladi. Optikaning bir qator bo’limlarida “Refraktsiya” termini qo’llaniladi. Bularga atmosfera optikasi, ko’zoynak optikasi, ko’z optikasi va boshqalar kiradi. Ko’z Refraktsiyasi — ko’zning optik tizim sifatidagi xarakteristikasi; ko’zning tinch akkomodasiya holatidagi optik kuchi. Asosiy sindirish elementlari — ko’z soqqasi va gavhari. Ularning optik kuchi 52,59 dan 71,30 dioptriyagacha o’zgarib, o’rta hisobda 59,92 dioptriyani tashkil qiladi. Agar ko’zning optik kuchi va uning o’lchamlari bir-biriga mos bo’lsa, ko’zga kirayotgan yorug’likning parallel nurlari to’r pardaning markazi — sariq dog’qismida fokuslanadi. Faqat shu holdagina ko’zning to’r pardasida ko’rilayotgan predmetning aniq tasviri hosil bo’ladi. Refraktsiya buzilsa, ko’zning uzoqdan ko’rish va yaqindan ko’rish xususiyatlari paydo bo’ladi. Radioto’lqinlar Refraktsiyasi — radioto’lqinlar dielektrik kirituvchanligi yoki ionlashish darajasi turlicha bo’lgan atmosfera qatlamidan o’tganda ularning traektoriyasi egrilanishi. Radioto’lqinlar Refraktsiyasi ionosferada, katta masofalarga qisqa radioto’lqinlarning tarqalishida, troposferada esa ultraqisqa radioto’lqinlar tarqalishida muhim omillardan biri hisoblanadi. Tovush Refraktsiyasi — bir jinsli bo’lmagan muhit (atmosfera, okean) da tarqalgan tovush (tezligi koordinataga bog’liq) nurlarining egrilanishi. Tovush tezligi gradienti qancha katta bo’lsa, shuncha kuchli Refraktsiya yuz beradi. Atmosferada tovush Refraktsiyasi havo temperaturasi, shamolning tezligiga va yo’nalishiga bog’liq. Balandlik oshgan sari temperatura pasayadi va tovush tezligi kamayadi. Shu sababli, tovush nurlari yer yuzasi yaqinida joylashgan tovush manbaidan yuqori tomon egiladi va ma’lum masofadan boshlab tovush eshitilmay qoladi. Agar temperatura balandlik oshishi bilan ortib borsa (ko’pincha kechasi yuzaga keladigan temperatura inversiyasi), u holda tovush nurlari pastga karab egiladi va tovush uzoq masofalarga tarqaladi. Shamol yo’nalishiga qarama-qarshi tarqalgan tovush nurlari yuqoriga tomon, aks holda, pastga qarab egiladi. Ikkinchi holda tovush eshitilishi ancha yaxshilanadi. Atmosferaning yuqori qatlamlaridagi Refraktsiya sukunat zonasini va anomal eshitilish zonalarini yuzaga keltiradi. Okeandagi tovush Refraktsiyasi tra, sho’rlik va gidrostatik bosimga bog’liq. Okeandagi Refraktsiya tovushning o’ta uzoqqa tarqalishi, soya zonalar hosil bo’lishi, tovushning fokuslanishi va tovush tarqalishi kabi boshka xususiyatlarni keltirib chiqaradi.