Reduplikatsiya
Reduplikatsiya (lotincha Reduplication ikkilanish, qo’shaloqlanish) (tilshunoslikda) — so’zdagi dastlabki bo’g’inni yoki o’zakni, butun so’zni takror qo’llash bilan takroriy so’z, grammatik shakl hosil qilish usulidan iborat fonomorfologik hodisa. Shu nuqtai nazardan qisman va to’liq Reduplikatsiya turlari farqlanadi. Hozirgi o’zbek tilida so’z shaklining bu turi ko’plik, davomiylik va takroriylik kabi grammatik ma’nolarni ifodalaydi. Reduplikatsiya yo’li bilan hosil qilingan birliklarda leksik-grammatik jihatdan bir butunlikni tashkil qiladi. Masalan, baland-baland (imoratlar), dastadasta (gul), kula-kula, o’sha-o’sha, ming-minglab kabi. Har qanday so’zning takror holda (ketma-ket) qo’llanishi bilan Reduplikatsiya vujudga kelmaydi, ya’ni so’zning takroriy shakli hosil bo’lavermaydi. Reduplikatsiya jahondagi turli tuzumdagi ko’plab tillarga xos hodisa bo’lib, uning vazifasi ham xilma-xildir: masalan, Reduplikatsiya rarotonga tilida ma’noni kuchaytirsa (tupu — o’smoq, tutupu — gurkirab o’smoq), malayya tilida ko’plikni hosil qilishning asosiy usuli (orang — odam, orangorang — odamlar) hisoblanadi. Ba’zi adabiyotlarda “Reduplikatsiya” termini “takroriy shakl”, “takroriy so’z” terminlari bilan sinonim tarzida qo’llanadi. Nemat Mahkamov.