Rangli metallar
Rangli metallar — temirdan boshqa barcha metallarning sanoatdagi nomi. 5 guruhga bo’linadi: yengil metallar; og’ir metallar; qiyin suyuklanadi- gan metallar; asl metallar; nodir metallar. Yengil Rangli metallarga alyuminiy, magniy, titan, natriy, berilliy, litiy, bariy, kaltsiy, strontsiy va kaliy (zichligi 0,53—5 g/sm3); og’ir Rangli metallarga mis, nikel, qo’rg’oshin, qalay, kadmiy, kobalt, rux, margimush, surma, vismut, simob (zichli- gi 5-13,6 g/sm3); qiyin suyuqlanadigan Rangli metallarga volfram, molibden, niobiy, tantal, xrom, tsirkoniy va boshqalar; asl Rangli metallarga oltin, kumush, platina, osmiy, iridiy, rodiy, ruteniy va palladiy; Nodir Rangli metallarga tarqoq metallar (talliy, galliy, Germaniy, indiy, reniy, gafniy, rubidiy, tseziy), siyraker metallar (skandiy, ittriy, lantan va lantanoidlar), radioaktiv metallar (texnesiy, frantsiy, poloniy, radiy, aktiniy, toriy, protaktiniy, uran va barcha transuran elementlar) kiradi. Rangli metallarning ko’pchiligi tabiatda sof holda uchraydi. Masalan, alyuminiy o’z rudalarida A12O3 va A1(on)3 tarkibli birikmalar holida bo’ladi. Rudalardan gidrometallurgiya usulida avval A12O3, undan esa elektroliz yo’li bilan alyuminiy olinadi. Mis tabiatda, asosan, tog jinslari tarkibida mis sulfidlari va oksidlari tarzida uchraydi. Mis rudasi boyitilgandan keyin uni suyuqlantirib shteynni bessemerlash usuli bilan xomaki mis, xomaki misni termik usulda tozalab yoki elektroliz qilib sof mis olinadi. Magniy tabiatda har xil birikmalar, minerallar, magniy rudalari tarkibida uchraydi. Magniy rudalari jumlasiga magnezit, dolomit, karnallit va boshqalar kiradi. Bu rudalar (masalan, magnezit) dan magniy oksid MgO olinadi, magniy oksiddan uglerod ishtirokida xlor o’tkazish yo’li bilan magniy xlorid MgCl2 hosil qilinadi, u elektroliz qilinib, xomaki magniy olinadi. Uni qayta suyuqlantirib yoki sublimasiya yo’li bilan sof magniy olinadi. Boshqa Rangli metallar ham tegishli usullarda shu metallarning rudalaridan ajratib olinadi. Rangli metallar va ularning qotishmalari xalq xo’jaligida, aviasiya sanoatida, raketasozlik, elektrotexnika va radiotexnikada asosiy konstruktsion material hisoblanadi. Ad.: O’rmonov F., Eshmuhamedov A., O’rta Osiyoning rangli metallari, T., 1976; To’raxonov A.S., Metallar texnologiyasi, T., 1974.