Raqs musiqasi
Raqs musiqasi — musiqa turi; raqslarga jo’r bo’ladigan musiqa asarlaridan iborat. Raqs musiqasida raqs harakatlarining xarakteri sur’at hamda muayyan ritmik qoliplarga asoslangan xilma-xil kuylar yordamida ifodalanadi. Raqs musiqasi — musiqaning eng qadimgi turlaridan. Dastlab u turli marosim va xalq bayramlarida ijro etilgan davra o’yin qo’shiqlari (Beshqarsak, xorovod kabi)dan tarkib topadi. Keyinchalik (Masalan, Hindistonda miloddan avvalgi 2-ming yillik davridan) Raqs musiqasining saroy va ibodatxonalarda ijro etilgan mumtoz shakllari rivoj topadi. Yevropa san’atida 14-asrdan Raqs musiqasining balraksi, 16-asrdan balet shakllari yuzaga keladi. Raqs musiqasi, asosan, cholg’u kuylaridan iborat. Ko’p xalqlar (ayniqsa, Osiyo, Afrika) da urma cholg’u asboblarining o’zi raqsga jo’r bo’lib, ularda ijro etilgan boy va sermazmun raqs usullari Raqs musiqasini tashkil qiladi (masalan, katta o’yin). Og’zaki an’anadagi musiqada vokal Raqs musiqasi turlari ham keng o’rin olgan (Yalla, Xorazm lapari va boshqalar). Pantomima bilan bog’liq raqslarda musiqa, ko’pincha, tasviriy xarakterda bo’ladi. Xalq raqs kuylari va usullari musiqiy folklorning boshqa turlari qatori kompozitorlik ijodiyoti manbalaridan biridir. Bir necha raqs kuylari birlashuvi natijasida cholg’u syuita tashkil topdi. Vena klassik maktabi kompozitorlarida menuet, P. Chaykovskiy ijodida vals kuylari sonatasimfonik turkumiga kiritilgan. Musiqiy romantizm vakillari (K.M. Veber, F. Shubert, F. Shopen, F. List va boshqalar) ijodida raqs kuylari badiiy yuksak kontsert asarlariga aylangan.