Rashiduddin
Rashiduddin, to’liq ismi Rashiduddin Fazlulloh ibn Imomud – davla Abulxayr Hamadoniy, at-tabib (1247, Hamadon — 1318.18.7, Tabriz) — Eron tarixchisi va davlat arbobi. Hulokuiylardan Abaqaxon davri (1265-82)da saroy xizmatida bo’lgan. 1298-1317 yillari Erondagi mo’g’ul hukmdorlari G’ozonxon, Uljaytuxon, Abu Sa’id saroyida vazir. Amalda davlatni idora etgan. Rashiduddin tashabbusi bilan o’tkazilgan G’ozonxon islohotlari mahalliy mulkdorlar ahvolini yengillashtirib, mo’g’ul amaldorlari o’zboshimchaligiga barham bergan. Mamlakatda xo’jalik tiklana boshlagan, yerlar iqto tarzida mo’g’ul harbiy boshliqdariga bo’lib berilgan. Rashiduddin vazirligi davrida mamlakatda eng yirik yer egasiga aylangan. 1318 yil Rashiduddin mulkdorlar ig’vosi bilan Uljaytuxonni zaqarlashda ayblanib qatl qilingan. Rashiduddin — yirik olim. U tarixdan tashqari tibbiyot, tabiiy fanlar va ilohiyotga doir risolalar yozgan. Uning “jome at-tavorix” asari Hulokuiylar davlati tarkibidagi mamlakatlarning siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy tarixi, etnografiyasi, tili bo’yicha muhim manbadir.