Hofiz Xorazmiy
Hofiz Xorazmiy (taxallusi; ismi Abdurahim) (14-asrning 2-yarmi, Xorazm — 15-asrning 30-40-yillari, Sheroz) — shoir. Eski o’zbek tili rivojiga katta hissa qo’shgan. Yoshligi Xorazmda kechgan. Bu yerdagi notinchliklar tufayli 14-asr oxirlarida o’z vatanini tashlab ketishga majbur bo’lgan. Samarqand, Buxoro, Xo’jand, Iroq, Kirmon, Isfahon, Tabrizda bo’lib, Sherozda turg’un yashab qolgan. Ibrohim Sulton saroyiga yaqin bo’lgan. Hofiz Sheroziy ijodiga hurmat bilan qarab, uning an’analarini o’zbek she’riyatiga olib kirgan, o’zbek xalqini Sheroziyniki kabi yetuk ishqiy-falsafiy she’riyatdan bahramand qilish niyatida “Hofiz” taxallusini tanlagan. Hofizni ko’rung ushbu zamon turk tilinda, Gar keldi esa Forsda ul Hofizi sheroz. Hofiz Xorazmiy ham o’z zamonasining insonparvar, ma’rifatparvar vakili sifatida Hofiz Sheroziy, Jomiy, Navoiylar singari diniy-tasavvufiy dunyoqarash vakilidir. She’rlarida Mansur Hallojni chuqur hurmat bilan tilga olgan. Hofiz Xorazmiy turkiy tilda boy adabiy meros qoldirgan. She’rlaridan devon tuzgan. Devonida 1052 g’azal, 9 qasida va qator muxammas, tarje’band, tarkibband, ruboiy, qit’alardan iborat 37264 misra she’r bor. Ularda inson baxt-saodati, erkinligi, dunyoviy sevgi-muhabbat madh etilgan, zamonasidagi turli ijtimoiy illatlar ochiq ko’rsatilgan. She’rlari mazmun-mundarijasining kengligi, falsafiy teranligi, insonparvarlik ruhi, yuksak badiiyati bilan ajralib turadi. Tili sodda, ravon, xalq tiliga yaqin, xorazm shevasiga xos unsurlar ko’p uchraydi. Devonining 15-asrning 30-yillarida ko’chirilgan yagona qo’lyozmasi Hindistonning Haydarobod shahridagi Salorjang muzeyi kutubxonasida, fotonusxasi O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanadi. As: She’rlar, T., 1980; devon, 1-2-kitob, T., 1981; hayot vasfi, T., 1988. Ad..Sulaymonov H.O’zbek shoiri Hofiz Xorazmiy va uning Haydaroboddan topilgan devoni. “Adabiy meros”, T., 1976.