ASKARIDOZ
ASKARIDOZ — to’garak chuvalchanglar (askaridalar) keltirib chiqaradigan gijja kasalligi. Askaridalar ancha yirik bo’lib, odamning ingichka ichagida parazitlik qiladi. Bolalarda ko’proq uchraydi. Bemor Askaridoz tarqatuvchi manba hisoblanadi. Kasallik askarida tuxumlari bilan ifloslangan sabzavotlar, qaynatilmagan suv, kir qo’l orqali yuqadi. Kasallikning ilk davri ko’pincha umumiy alomatlar bilan kechadi: darmonsizlik, yo’tal, harorat ko’tarilishi, eshak-em toshishi mumkin. Keyinchalik bosh aylanishi, bosh og’rig’i, me’da-ichak faoliyatining buzilishi (ko’ngil aynishi, qusish, ko’p so’lak oqishi), o’ta toliquvchanlik, kechasi qo’rqish alomatlari namoyon bo’ladi; bolalar uyquda tishini g’ijirlatadi, ularda kamqonlik, asabiylashish va boshqalar kuzatiladi. Askaridalarning o’t yoki me’da-ichak yo’llariga kirishi natijasida yiringli xolesistit, jigar abssessi, peritonit, sepsis, o’tkir pankreatit, appendisit, ichak tutilishi va boshqa asoratlar yuzaga kelishi mumkin. Askaridozga vrach nazorati ostida davo qilinadi. Kasallikning oldini olishda ozodalik va sarishtalikka amal qilish lozim.