Haj
Haj (Arabcha — ziyorat) — Islomning 5 asosiy ruknidan biri. Haj qilish es-hushi butun, sog’lom, balog’at yoshiga yetgan va oilasi nafaqasidan tashqari safar xarajatlariga kifoya qilgudek mablag’i bo’lgan har bir musulmonga (umrida bir marta) farz qilingan. Haj qiluvchi kishilar miyqot (ehromni bog’lash uchun oldindan belgilab qo’yilgan maxsus joy) dan boshlab tozalanib, sochlarini olib yoki qisqartirib Makkaga borish uchun hozirlik ko’radilar. So’ngra ehromga kirib 2 rakaat namoz o’qiladi. Hajda Ka’ba 7 marta tavof qilinadi. Ziyoratchilar Hajar al-Asvad (qora tosh)ni o’pib, keyin Safo va Marva tepaliklari orasida 7 marta yuguradilar, so’ngra Zamzam Suvidan ichadilar. Arafa kuni (Zul-hijja oyining 9-kuni) Hajning asosiy marosimi — Arafot vodiysi va tog’ida turish (vuquf) boshlanadi. Ziyoratchilar u yerda xutba eshitadilar, ibodat qiladilar va namoz o’qiydilar. Bu turish kun botguncha davom etadi. So’ngra hojilar Muzdalifa vodiysiga yo’l oladilar. U yerda tongga qadar ibodat bilan mashg’ul bo’linadi. Zul-hijja oyining 10-kuni (qurbon hayiti) dan boshlab 3-4 kun Mino vodiysida shaytonlarga tosh otiladi va jonliq so’yib qurbonlik qilinadi. Madinaga borib Muhammad (sav) qabrini ziyorat qilish ham Haj vaqtida bajariladigan amalga aylangan. Bir kishi boshqa odam uchun Haj arkonlarini ado etishi ham mumkin. Bu hajji badal deb ataladi. Vafot etgan odam hamda moddiy ta’minlangan, ammo salomatligi yoki qariligi tufayli Haj ziyoratiga bora olmaydiganlar uchun hajji badal qilish mumkin bo’ladi. Hadisga ko’ra, Haj qilishning asosiy qoidalari Muhammad (sav) tomonidan 632 yil “Vidolashuv Haji” (Hajjat al- vado’)da belgilab berilgan. Keyinchalik asosiy huquqiy mazhab namoyandalari Haj ziyorati qoidalarini Islom manbalari asosida batafsil ishlab chiqqanlar. O’zbekiston mustaqillikka erishgach, yurtimiz musulmonlariga Haj amalini ado etish uchun imkoniyatlar yaratib berildi. 1991 yilda Hajga boruvchilar 1500 kishini tashkil etgan bo’lsa, 2004 yilda bu raqam 4000 dan ortiqni tashkil etdi. Mustaqillik davrida 53056 kishi Haj ibodatini ado etdi (2005).