Haydar, Amir Haydar, Amiri Sayyid
Haydar, Amir Haydar, Amiri Sayyid (1778— Buxoro — 1826.6.10) – Buxoro amiri (1800— 26), mang’itlarlan, Amir Shohmurodning o’g’li, Doniyolbiy otaliqning nevarasi. Uning onasi ashtarxoniylardan Abulfayzxonsh qizi Bonu Shams bo’lgan. Buxoro madrasalarida 10 yil tahsil olib, Qur’oni Karim sharhi va hadis ilmlarini puxta egallagan. Amir Shohmurod Haydarni Qarshi viloyatiga hokim qilib tayinlagan. Shohmurod vafot etgach, Buxoro amirligi taxtiga o’tirgan va “Amir al-mo’minin” unvonini olgan (1800.2.12). Buxoro amirligida vujudga kelgan keskin siyosiy vaziyatni yumshatishga harakat qilgan. Haydar ayirmachilik kayfiyatlarni namoyon qilayotgan Shahrisabz, kitob, Urgut bekliklari, Miyonqol va Samarqand hokimlariga qarshi janglar olib borishga majbur bo’lgan. Haydar Xurosonga ham harbiy yurishlar qilib, Balx (1817), Badaxshon, Qunduz va Maymanani Buxoro amirligiga qaytargan. Marv hokimi din Nosirbek (Haydarning ukasi) Xiva xoni Eltuzarxon qutqusiga uchib, akasiga qarshi bosh ko’taradi (1804) va mag’lubiyatga uchraydi. Shu asnoda Xiva xoni Eltuzarxon bir necha marta Buxoroga harbiy bosqinlar uyushtirgan. Ana shunday yurishlarning birida Niyozbek parvonachi boshchiligida 20 ming kishilik Buxoro qo’shini xorazmliklar qo’shinini mag’lubiyatga uchratgan. Eltuzarxon Amudaryodan qochib o’tayotganda daryoda g’arq bo’lib o’lgan. Eltuzarxonning 3 birodari va ko’plab xivaliklar asir tushishgan. Amir Haydar Eltuzarxonning kichik birodari Qutlug’murodxonni 400 asir bilan ozod qilib, Urganchga jo’natgan. 1821-25 yillarda Amir Haydarning soliq siyosatiga qarshi Xitoy-qipchoqlar ko’targan Miyonqol qo’zg’oloni ham kata qiyinchilik bilan bostirilgan. Ahmad Donishnnng yozishicha, Haydar hukmronlik qilgan davrda Buxoroda ilm-fan, xususan, tarix va Islom ilmlari rivojlangan. Haydar madrasalarda tehsil olib borish uchun Istanbul, Kobul va boshqa shaharlardan ko’plab qo’lyozma kitoblarni oldirgan. Uning o’zi muntazam ravishda saboq bergan, madrasalarda dars o’tgan. Haydar “alfa-void al-Alfiya” nomli fiqhning xanafiya mazhabiga oid asar ham yozgan. U hukmronligi davrida Buxoroda Chor minor va Xalifa Niyozqul madrasasi (1807), masjidlar, xonaqohlar, hammomlar qurilgan, xalfa Xudoydod majmuasi qurilishi davom ettirilgan. Buxoroda Haydar onasiga atab maxsus madrasa, Qarshida Ali madrasasi va Mir Muhammad madrasasini ham qurdirgan. Haydar Buxorodagi Jo’ybor mavzeidagi eshoni imlo qabristonida otasi Shohmurod yonida dafn etilgan. Ad.: O’zbekiston tarixi: davlat va jamiyat taraqqiyoti, 1-qism, T., 2000. Qahramon Rajabov.