Hakamlar sudi
Hakamlar sudi – fuqarolar bilan fuqarolar va tashkilotlar bilan tashkilotlar o’rtasida kelib chiqqan ba’zi fuqarolik huquqiy xarakterdagi nizolarning uchinchi shaxs yoki shaxslar (xolislar) tomonidan ko’rilishi. Manfaatdor taraflarning fuqarolik huquqlari faqat umumyurisdiktsiya sudi tomonidangina emas, balki Hakamlar sudi tomonidan ham himoya qilinishi mumkin. Hakamlar sudi nizolashuvchilarning alohida kelishuvi bilan bir yoki bir necha (toq sonli) shaxslar tarkibida fuqarolik huquqiy xarakteridagi nizoni hal etish uchun tashkil qilinadi. O’zbekiston Respublikasida Hakamlar sudini- zoli huquqiy munosabatlarning sub’yektlariga va nizoning predmetiga qarab quyidagi turlarga bo’linadi: fuqarolar o’rtasidagi nizolarni hal qilish uchun tuziladigan Hakamlar sudi; tashkilotlar o’rtasidagi nizolarni hal qilish uchun tuziladigan Hakamlar sudi; tashqi savdoga oid nizolarni ko’radigan va dengiz huquqi bilan tartibga solinadigan huquqiy munosabatlardan kelib chiqqan nizolarni hal qilish uchun tuziladigan hakamlar sudlari. Fuqarolar o’rtasidagi nizolar hakamlar (xolislar) sudi tomonidan Hakamlar sudi to’g’risidagi Nizomga muvofiq hal qilinadi. Bu hujjatning 1-20-moddalarida ko’rsatilishicha, fuqarolar (mehnat va oila munosabatlariga doir nizolardan tashqari) o’z o’rtalarida kelib chiqqan har qanday nizoni Hakamlar sudining ko’rishi uchun topshirishlari mumkin. Hakamlar sudi har safar nizoning hamma ishtirokchilarining alohida kelishuvi bilan tashkil etiladi va har qaysi taraf tomonidan baravar miqdorda saylangan bir yoki bir necha sudya tarkibida tuziladi. Hakamlar sudida ishlar jamoatchilik asosida, xizmat haqi olinmasdan ko’riladi. Hakamlar sudining hal qiluv qarori ixtiyoriy ravishda ijro etilmasa, tuman (shahar), tumanlararo sudi beradigan ijro varaqasiga asosan majburiy tartibda ijro qilinishi mumkin. Xo’jalik tashkilotlarining ayrim murakkab ishlari bo’yicha bo’lgan nizolarning Hakamlar sudida ko’rilishi maqsadga muvofiq deb topilgan. Birlashmalar, korxonalar, tashkilotlar va muassasalar o’rtasidagi xo’jalik nizolari o’zaro kelishuvga binoan har bir konkret ish bo’yicha saylanadigan Hakamlar sudiga ko’rish uchun topshirilishi mumkin. Hakamlar sudining hal qiluv qarori chiqarilgandan so’ng 5 kun ichida ish ko’rilgan joydagi xo’jalik sudiga saqlash uchun topshiriladi. Birlashmalar, korxona, tashkilot va muassasalarning rahbarlari Hakamlar sudi tomonidan aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun choralar ko’rishga va ish saqlanib turgan xo’jalik sudiga bu haqda 1 oy ichida ma’lumot berishga majburdirlar. Hakamlar sudida ko’riladigan ishlar bo’yicha davlat boji olinmaydi. Tashqi savdoga oid bitimlardan kelib chiqadigan nizolarni, jumladan xorijiy firmalar bilan O’zbekiston Respublikasi xo’jalik tashkilotlari o’rtasidagi nizolarni hal qilish uchun Savdo palatasi qoshida tashqi savdo arbitraj komissiyasi tashkil etilgan. Bu komissiyaning vakolati tashqi savdo arbitraj komissiyasi to’g’risidagi Nizom bilan belgilangan. Dengiz huquqi bilan tartibga solinadigan huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar O’zbekiston Respublikasi savdo palatasi qoshidagi dengiz arbitraj komissiyasi tomonidan ko’riladi. Bu komissiya dengiz arbitraj komissiyasi haqidagi Nizomga muvofiq ish olib boradi. Shoakbar Shorahmetov.