Hakimov Jalil
Hakimov Jalil (1920. 16.5 – Toshkent — 1980.29.10) — naqqosh. Toshkent naqqoshligining yirik vakili; O’zbekiston xalq rassomi (1969). Toshkent badiiy o’quv-ishlab chiqarish kombinatida Olimjon Qosimjonovsgn ta’lim olgan (1935-38). 1948 yilgacha umumiy ta’lim maktablarida o’qituvchi, 1948 yildan Ostrovskiy nomidagi pionerlar saroyida to’garak rahbari, 1951 yildan Benkov nomidagi Respublika rassomlik bilim yurtida naqqoshlikdan dars bergan. Hakimov qog’oz, yog’och, ganchga bo’yama naqsh ishlash san’ati (ayniqsa handasiy naqshlar yechimi)ni puxta egallagan, usta ijodida gulli girihni ko’p qo’llab ajoyib bezaklar ishlagan; u yaratgan naqshlar, mujassamotlar aniqligi, mayda qismlarga boyligi, o’ziga xos yorqin yashil rangli koloriti, ranglar uyg’unligi hamda nafosati bilan diqqatga sazovor. Toshkentdagi “moviy gumbazlar” choyxonasi (1970); Toshkent Markaziy univermagi (1971), Toshkent vokzali (1978) va boshqa jamoat binolaridagi naqshin bezaklar ustaning mahoratidan darak beradi. Hakimov, shuningdek, me’moriy obidalar (amaliy san’at muzeyi binosi va boshqalar)ni ta’mirlashda qatnashgan. Hakimov bezagan xontaxta, kursi, quticha va boshqa buyumlar respublika va chet mamlakatlardagi ko’rgazmalarda namoyish etilib, yuqori baholangan. Ishlaridan namunalar respublika muzeylarida saqlanadi. Hakimov ko’plab shogirdlar (A. Ilhomov, K. Karimov, M.To’rayev va boshqalar) yetishtirgan.