Haftiyak

Haftiyak (forscha — yettidan bir) — Qur’oni Karimning yettidan bir qismi bitilgan kitob. Yosh qorilarga qulay bo’lsin uchun Qur’on suralaridan bir nechtasi (13-14 ta) tanlanib, qiroat kitobi shakliga keltirilgan. O’tmishda Turkistondagi maktabxonalarda xrestomatiya vazifasini o’tagan birinchi qo’llanma hisoblanadi. Bolalar Arab alifbosini o’zlashtirganlaridan so’ng o’rgatilgan. Odatda, Haftiyak 1-2 yil o’qitilgan. Haftiyakdan so’ng Qur’oni Karimni o’qishga o’tilgan. Yosh talaba kichik suralarni ma’lum miqdorda yod olgandan keyin Haftiyakni o’qishga kirishish marosimini o’tkazish odatga aylangan. Keyingi paytda Haftiyak o’rniga bir yo’la Qur’oni Karimning to’liq nusxasini o’qish va o’qitish rasm bo’lgan.