Hamadon
Hamadon — Eronning g’arbiy qismidagi shahar. Hamadon ostonining ma’muriy markazi. Aholisi 483,8 ming kishi (2004). Avtomobil yo’llari chorrahasi. Mamlakat g’arbiy qismining muhim savdo markazi. Oziq-ovqat, yog’ochsozlik, to’qimachilik sanoati korxonalari mavjud. Hunarmandchilikda gilam va matolar to’qiladi, mis va teridan turli buyumlar tayyorlanadi. Universitet bor. Shahar miloddan avvalgi 11-asrdan ma’lum. Hamadon nomi dastlab Ossuriya mixxatlarida Amatana, qadimgi fors tilida hagmatana, Yunoncha Agbatana yoki Ekbatana shaklida uchraydi. Miloddan avvalgi 7-6-asrlarda Midiya poytaxti, miloddan avvalgi 550-549 yillardan keyin Axomaniylarning yozgi qarorgohi. Salavkiylar, parfiyaliklar va sosoniylar davrida Mesopotamiyadan Sharqning boshqa mamlakatlariga o’tuvchi savdo yo’lining muhim markazlaridan biri. 7-asrdan Arab xalifaligi tarkibida. 11-asrda shaharni o’g’uzlar egalladilar. 1118-94 yillarda G’arbiy Erondagi Saljuqiylarga tobe bo’lgan Iroq sultonligining poytaxti. 1220 yilda Hamadonni mo’g’ullar bosib olib, vayron qilganlar. 16— 18-asrda Safaviylar davlati tarkibida. Eron—Turkiya urushlari davrida (16-18-asrlar) bir necha bor turklar qo’l ostiga o’tgan.