Hikoya
Hikoya — badiiy adabiyotda kichik epik janr, hayot hodisalari ixcham ifoda etiladigan nasriy asar. Jahon adabiyotida Hikoya qadim an’analarga ega. O’tmishda Hikoya folklor asarlari tarkibida bayon unsuri bo’lib ishtirok etgan. Mustaqil janr sifatida faqat yozma adabiyotda shakllangan. Yevropa adabiyotida Hikoyachilikning rivojlanishiga italyan yozuvchisi Bokachcho “Dekameron” asari bilan katta hissa qo’shgan. Asarda’ 7 qiz va 3 yigitning 10 kun davomida aytgan 100 ta hikoyasi berilgan. Gi de Mopassan (Frantsuz), Otenri (Amerika), A.P.Chexov (rus), A.Qodiriy, Cho’lpon (o’zbek) Hikoya janrining asoschilari hisoblanadi. Yevropa adabiyotida Hikoya novella deb ham ataladi. O’zbek adabiyotida Hikoya juda qadimdan boshlangan. Ilk yozma adabiy yodgorliklar — Kultegin va To’nyuquq bitiktoshlarida bayon qilingan voqealar ishtirok etuvchilar tomonidan hikoya qilingan. Nosiriddin Rabg’uziyning “Qisasi Rabg’uziy” asarida ham axloqiy harakterdagi Hikoyaning yaxshi namunalari bor. Alisher Navoiy “hayrat ul-Abror” dostonining 5-maqolotidagi “Hotami Toy hikoyati”, 20-maqolatidagi “ul qul hikoyati”, “Sab’ai sayyor” dostonidagi yetti musofir Hikoyalari ham bu janrning ilk namunalari hisoblanadi. 16-asrda yaratilgan Poshshoxojaning “Gulzor” va “Miftoh ul-adl” asarlari o’zbek Hikoyachiligining rivojlanishiga asos bo’lgan. O’zbek adabiyotida realistik Hikoya janri 20-asr boshlarida shakllandi (Cho’lpon, “qurboni jaholat”, “Do’xtur Muhammadyor, 1914; A.Qodiriy, “Uloqda”, 1915 va boshqalar). 20-yillarda G’.G’ulom, A.Qahhor, Oydin va boshqalar bu janrda barakali ijod qildilar. 30-yillarda A.Qahhor Hikoya ustasi sifatida tanildi. 50-60-yillarda S.Ahmad, 60 —70-yillarda O’.Hoshimov, Sh.Xolmirzayevlar bu janr taraqqiyotiga salmoqli hissa qo’shdilar. “Hikoya” atamasi kengroq ma’noda biror voqeani gapirib berishni ham anglatadi. So’zlab berilgan bunday voqelik o’z qamrovi, hajmi, rang-barangligi bilan qissa yoki romanga xos bo’lishi ham mumkin. Bunday hollarda bu atama janr ma’nosida tushunilmaydi. Masalan, O’.Hoshimovning “ikki eshik orasi” romani 9 personajning 49 ta hikoyasidan tashkil topgan. Sh.Xolmirzaev “Olabo’ji” asarini “romandan katta hikoya” deb ataydi. Hozirgi o’zbek Hikoyachiligi O.Muxtor, N.Aminov, S.Siyoyev, F.Musajonov, X.Sultonov, E.A’zamov, N.Eshonqulov, Sh. Bo’tayev va boshqa yozuvchilar bilan boyidi. Hikoya inson hayotida yuz bergan ixcham voqeani lo’nda ifodalashga mo’ljallangan. Unda shu voqeaga qadar personaj hayotida nima bo’lgan, qanday ro’y bergan, kim bilan — bular to’g’risida ma’lumot berish shart emas. Juda zarur bo’lsa, ayrim detallar orqali ishora qilinishi mumkin. Masalan, A.Qahhorning “O’g’ri” Hikoyasida Qobil boboning kechagi kuni haqida lom-mim deyilmaydi. Egamberdi paxtafurushdan kichkina shart evaziga ikkita ho’kiz olgan Qobil boboning ertasi to’g’risida “bu shart kuzda ma’lum bo’ladi”, deb xabar beradi, xolos. G’.G’ulom esa “mening o’g’rigina bolam” Hikoyasidagi o’g’rining kechagi kunini lo’nda detallar orqali to’ldiradi. Uydan biron narsa olmay chiqib ketgan yigitning ertangi kuni haqida hech qanaqa ma’lumot bermaydi. Ixchamlik Hikoyaning muhim belgisi, lekin unda personaj hayotidan birgina lavha, uzoq davrlik voqealar, personajlarning butun umr yo’li, bir emas, bir necha odamlar taqdiri, xarakterning shakllanish jarayoni, ruhiy holatlarning almashinib turishi, muhim fazilat bo’lib qolishi mumkin. Biroq har qanday ko’rinishda ham tasvir siqiq tarzda beriladi. Hikoya mazmuniga ko’ra lirik, psixologik, falsafiy, ilmiy-fantastik, satirik, yumoristik yo’nalishlarda bo’lishi mumkin. Shuningdek, ocherkka yaqin voqeiy Hikoyalar (N.Fozilovning “Ustozlar davrasida”) ham bo’ladi. O’zbek adabiyotida bir mavzu, bitta qahramon hayoti bilan bog’liq bir necha yozuvchi tomonidan yozilgan “hashar Hikoyalar” ham uchraydi. Ad.: Vladimirova N., Sultonova M., Uzbekskiy rasskaz, T., 1968; Normatov U., Janr imkoniyatlari, T., 1970; adabiyot nazariyasi, 2 j.li, T., 1978-79; adabiyot nazariyasi [darslik], T., 1986; Aaabiy turlar va janrlar, 3 j.li, T., 1991-92. Yo’ldosh Solijonov.