Hijo

Hijo (Arabcha — bo’g’in) — she’riy nutqning ritmik birligi, ya’ni so’zning bir nafas zarbi bilan aytiladigan qismi. Hijo ko’pincha, tilshunoslikdagi bo’g’in tushunchasiga to’g’ri keladi, ba’zan bo’g’indan farqli o’laroq undosh tovushning o’zidan ham tuzilishi mumkin. Masalan, Vasl bog’i / ichra sendek / shohi zolim/ ko’rmadim, Ishq kuyi/da o’zimdek/ notavone topmadim. (Alisher Navoiy) baytidagi vasl, ishq so’zlaridagi l va q. undoshlari mustaqil Hijoni tashkil etadi. Hijo talaffuziga ketgan vaqt va tuzilishiga ko’ra ikkiga bo’linadi; cho’ziq (—) va qisqa (V) Hijo Cho’ziq Hijo unli bilan tugasa, qisqasiga nisbatan cho’ziqroq talaffuz qilinadi yoki undosh bilan tugaydi (chunonchi, yuqoridagi: vas-l bog’i kabi). Hijolar ruknlarni tashkil etadi (yuqoridagi baytda 8 ta rukn bor). Aruz vaznidagi she’rlar uchun qisqa va cho’ziq Hijolarning muayyan bir tartib — nisbatda kelishi va bundan hosil bo’ladigan ruknlar asos bo’lsa, barmoq vaznidagi she’rlar ritmida bo’g’inlarning soni va turoqlar asos bo’ladi.