Hisor-olay tog’lari
Hisor-olay tog’lari – O’rta Osiyodagi tog’ sistemasi. Shimolda Farg’ona botig’i, Janubda Pomir tog’lari va afg’on-Tojikiston botig’i, g’arbda Qizilqum cho’li, Sharqda esa Farg’ona va qaqshal tizmalarining Janubiy-Sharqiy qismi bilan chegaradosh. Tarkibiga olay tizmasi, Turkiston tizmasi, Nurota tog’lari, Zarafshon tizmasi va Hisor tizmasi kiradi. Ular bir-biridan kichik tektonik botiqlar va daryo vodiylari bilan ajralgan va bir qancha tarmoqlardan tashkil topgan. Hisor-olay tog’larining Sharqiy qismi Qirg’iziston, o’rta qismi Tojikiston va g’arbiy qismi O’zbekiston Respublikalari hududida joylashgan. Barcha tizmalar deyarli kengik bo’ylab 900 kilometrdan ziyod masofaga cho’zilgan. Hisor-olay tog’lari sharqda Olay tizmasi bilan boshlanadi. Tizma shimoldan Farg’ona botig’i, Janubdan olay botig’i bilan chegaralangan va Sirdaryo va Amudaryolarning suvayirg’ichidir. Ushbu daryolarning ko’pgina irmoklari (Vaxsh, Kofarnihon, Surxondaryo, Oqbura, Isfayram, Xo’jabaqirg’on, Shohimardon va boshqalar) Olay tizmasidan boshlanadi. Hisor-olay tog’lari gersin burmalanishi davrida shakllangan va hozirgi balandligiga yangi tektonik harakatlar ta’sirida ko’tarilgan. Tizmalar, asosan, paleozoy davri cho’kindi, metamorfik va otqindi tog’jinslaridan (slanes, qumtosh, konglomerat, ohaktosh, dolomit, granit, granodiorit va boshqalar) tashkil topgan. Tizmalarni bir-biridan ajratib turgan botiqlar, daryo vodiylari hamda Hisorning Janubiy-g’arbiy tarmoqlari yura, bo’r, paleogen, neogen va to’rtlamchi davr cho’kindi tog’jinslaridan tuzilgan. Tektonik jihatdan Hisor-olay tog’lari yaxlit yirik antiklinoriyni tashkil qilsa, alohida tizmalar antiklinoriyga mos keladi. Hisor-olay tog’lari tog’li o’lka bo’lganligi sababli, tizmalar yon bag’irlarida balandlik iqlim mintaqalari ifodalangan. Tizmalar etaklaridan yuqoriga tomon iqlim mintaqalari almashinib boradi. Biroq, ular har qaysi tizmada va ularning yon bag’irlari ekspozitsiyalarida har xil balandliklarda joylashgan. Tizmalarning 350-450 metr balandlikkacha bo’lgan qismlari (tog’ etaklari), asosan, cho’l va chalacho’l iqlim mintaqasiga mos keladi. Bu mintaqada havo trasining sutkalik va yillik amplitudasi katta, yog’ingarchilik miqdori, nisbiy namlik va bulutli kunlar kam. Qish qisqa, sovuq emas, yoz uzoq vaqt davom etadi. Tizmalarning 1500 metr balandlikkacha bo’lgan qismida dasht iqlim mintaqasi o’rin olgan. Iyulning o’rtacha temperaturasi 20-25°, eng yuqori temperatura 35-40°. Tog’larning g’arbida temperatura Sharqiy qismiga nisbatan yuqoriroq. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -5°, -7°, eng pas temperatura -25°, -30°. Yillik yog’in 700 mm. O’rtacha 1500 metrdan 3500 metrgacha balandliklarda tipik tog’ iqlimi hukm suradi. Bu mintaqada iqlim ancha sovuq va nam. Yillik yog’in tizmalarning G’arb va shimoli-g’arbga qaragan qismlarida 1000 mm dan ziyod. Undan yuqori qismida nivalglyasial mintaqa joylashgan. Hisor-olay tog’laridan boshlanadig’an barcha daryo va soylar Sirdaryo, Amudaryo, Zarafshon daryolari havzasiga mansub. Olay, Turkiston, Nurota tizmalarining shimoliy yon bag’irlaridan boshlanadigan hamma daryolar (qurshab, Oqbura, Aravon, isfayram, Shohimardon, So’x, Isfara, Xo’jabaqirg’on, Oqsuv, Zominsuv, Sangzor va boshqalar) Sirdaryo havzasiga qaraydi. Olay, Turkiston, Zarafshon, Hisor tizmalarining Janubiy yon bag’irlaridan boshlanuvchi daryolar (Vaxsh, Kofarnihon, Surxondaryo, Qashqadaryo va boshqalar) Amudaryo havzasiga mansub. Hisor-olay tog’laridan boshlanuvchi daryolar havzasining yuqori qismlarida ko’plab muzliklar va doimiy qor qoplamlari mavjud. Daryolar yomg’ir va mavsumiy qorlar erishidan hamda yer osti suvlaridan to’yinadi. Hisor-olay tog’larida kelib chiqishi va katta-kichikligi turlicha bo’lgan ko’llar (Iskandarko’l, Molguzar, Yashilko’l, Ko’kko’l, kuchandi, Shalaktama ko’l, Oqtol, Shaxshibaytko’l, O’rtadovon, Baqaloq, Suychiqti, Azarchashma, Ko’likalon, Gushor, Chaldara, buinko’l, Nejigan, Nofin, Xurdak, Hazarchashma va boshqalar) bor. Tuproq va o’simliklar balandlik mintaqalari bo’ylab tarqalgan. Ularning tarqalishiga tizmalar yon bag’irlarining kungay yoki terskayligining ham katta ta’siri bor. Tizmalar etaklarida harorat ancha balandligi va kam yog’in tushganligi tufayli cho’l va chalacho’l, dashtlarga xos tuproq va o’simliklar tarqalgan. Tizmalarning o’rtacha baland qismlarida tuprog’i kulrang va jigarrang tuproqlar. Bu tuproqlarda keng bargli o’rmonlar o’sadi. Olay va Turkiston tizmalarining shimoliy yon bag’irlarida 1900-2000 metrdan 3000 metrgacha balandliklarda jigarrang, qo’ng’ir tuproqlarda archazor tarqalgan. Archalar ostida betaga, yugan va boshqa dasht o’simliklari o’sadi. Dengiz sathidan 2800-3000 metr balandliklarda subalp baland tog’li mintaqasi joylashgan bo’lib, u yerlarda tog’-o’tloq-dasht tuproqlari tarqalgan. Bu mintaqada dashtlarga xos o’simliklar bilan birga yirik soyabon-gullilardan yugan, kamol, sevchek, ba’zi bir joylarda bularga oq so’xta, qo’ng’irboshlar aralashib o’sadi. 3000 metrdan balandda Alp mintaqasi joylashgan. Mintaqada tog’-o’tloq-dasht yarim torfli tuproqlar uchraydi. O’simlik qoplami past bo’yli kriofit dashtlidir. Undan yuqorida subnival mintaqa joylashgan bo’lib, tuproq, o’simliklar ba’zi yerlardagina uchraydi. 3600-4000 metr balandliklar nival-glyasial mintaqadan iborat. Mintaqa katta qismlari yalang qoya, Toshloq, qor, muzliklar bilan qoplangan. Murod Mamatqulov.