Hoshimov O’tkir
Hoshimov O’tkir (1941.5.8, Toshkent) — O’zbekiston xalq yozuvchisi (1991). ToshDU ning filologiya fakulteti jurnalistika bo’limini tugatgan (1964). “Qizil O’zbekiston” (1959-62), “Toshkent haqiqati” (1963 — 66), “Toshkent oqshomi” (1966-82) gazetalarida adabiy xodim, bo’lim mudiri. G’afur G’ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyotida bosh muharrir (1982-85). “Sharq yulduzi” (1985-95), “teatr” (2005 yildan) jurnallarida bosh muharrir. Ilk kitobi — “Po’lat chavandoz” (1962, ocherklar to’plami). Birinchi yirik nasriy asari — “cho’l havosi” (1963). “Odamlar nima derkin” (1965), “shamol esaveradi” (1966), “Qalbingga quloq sol” (1973) qissalari e’lon qilingan. “Bahor qaytmaydi” (1970), “dunyoning ishlari” (1982) qissalari yozuvchiga shuhrat keltirgan. “Bahor qaytmaydi” qissasida iste’dodli bir yigitning shuhrat ilinjida xazon bo’lgan umri, ruhiy-ma’naviy inqi-rozi san’atkorona ifodalangan. Hazin va nurli tuyg’ular bilan yo’g’rilgan avtobiografik xarakterdagi “dunyoning ishlari” asarida muallif o’z onasi timsolida o’zbek onalariga xos ulkan mehr-muruvvatni tarannum etgan. Yozuvchining “Muhabbat”, “Dehqonning bir kuni”, “urushning so’nggi qurboni”, “O’zbek ishi” kabi novellalari o’zbek hikoyachiligida muhim hodisa bo’ldi. Ilk romani “nur borki, soya bor” (1976) da Hoshimov o’ziga zamondosh-tengdosh jurnalist Sherzodning kechinmalari orqali hayajonli ma’naviy-axloqiy masalalar bilan birga o’tkir ijtimoiy muammolarni ko’targan. “Ikki eshik orasi” (1986), “tushda kechgan umrlar” (1994) romanlarida Hoshimov zamondosh-asrdosh odamlar taqdirini 20-asrning eng keskin fojiaviy hodisalari — 2-jahon urushi hamda mustabid tuzumning jinoyatkorona siyosati oqibatlari bilan bog’liq holda tahlil va talqin etish yo’lidan borgan. “Ikki eshik orasi”dagi deyarli barcha personajlar urush davrida urush jafosini chekkan odamlardir. Asar personajlari timsolida o’zbek xalqi tabiatiga, millat mentalitetiga xos bag’rikenglik, bardosh va matonat kabi fazilatlar ochib berilgan. “Tushda kechgan umrlar” romanidagi Rustamning fojiaviy qismati orqali Hoshimov afg’on urushining ma’nosiz mohiyatini teran va ta’sirchan ifoda etgan. Butun umri davomida totalitar rejim siyosatining qalqoni va qilichi sifatida ish ko’rgan, necha minglab halol odamlar dilini jarohatlagan, yostig’ini quritgan Komissar ham o’ziga xos fojiaviy obraz. Bu kimsaning fojiasi shundaki, u o’zi olib borgan qora ishlarni haq deb bilgan. Hoshimovning bir qancha asarlari ekranlashtirilgan. “Xazon bo’lgan bahor”, “inson sadoqati” (1975), “vijdon dorisi”, “To’ylar muborak” (1979), “Qatag’on” kabi drama, komediya, bir qator kinossenariylar muallifi. “Daftar hoshiyasidagi bitiklar” (2001) kitobi ijtimoiy-ma’naviy hayotda muayyan iz qoldirgan. Asarlari jahonning ko’plab tillariga tarjima qilingan. 1-, 2-chaqiriq O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati. Oliy Majlis matbuot va axborot qo’mitasi raisi (1995-2004). Hamza nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti laureati (1986). “Mehnat shuhrati” (1996), “Buyuk xizmatlari uchun” (2001) ordenlari bilan mukofotlangan. As: Saylanma [2 j.li], T., 1993. Ad.: Sharafiddinov O., O’tkir Hoshi- mov [“XX asr o’zbek adabiyoti tarixi” kitobida], T., 1999; Normatov U., Ruhiyat manzillari, T., 2001; Rasulov A., Ardoqli adib, T., 2001. Umarali Normatov.