Hindshunoslik

Hindshunoslik – Hindiston xalqlari tarixi, madaniy merosi, g’oyaviy qarashlari, adabiyoti, san’ati va tillarini, shuningdek, yangi davrda Hindistonning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy masalalarini o’rganuvchi fanlar majmui. Hindshunoslik 19-asr boshida Yevropada shakllangan, ammo yevropaliklarning Hindistonga bo’lgan qiziqishi antik davrdan boshlangan edi. Abu Rayhon Beruniy Hindistonga safar qilgan chog’ida sanskritni, o’lkaning geografiyasi, madaniyati, adabiyoti, tarixi, falsafasi, qonunlari, dinlari, urf-odatlarini atroflicha o’rgangan va o’z bilimlarini “Hindiston” asarida bayon etgan. 1442-44 yillarda Abdurazzoq Samarqandiy Shohrux saroyining elchisi sifatida Hindiston Janubdagi Kalikut, Hinavar, Mangalur, Bilur, Bokanur va Vijaya-Nagar rojaliklarida diplomatik missiyani bajargan. Keyinchalik Xiva va Buxoro xonliklarining elchilari ham Hindistonda xizmat safarlarida bo’lib, unga oid ma’lumotlarni keltirganlar. Yevropada Hindshunoslik 15-asr oxirlarida Hindistonga ochilgan dengiz yo’li tufayli yuzaga kelgan. Avvaliga Shimoliy Hindistonni tadqiq etishga e’tibor berilgan. 18-asr o’rtalarila esa Ost-indiya kompaniyasining mazkur hududlarga kelishi tufayli butun o’lkadagi tillar va ularning grammatikasini o’rganishga e’tibor kuchaygan. Yevropalik olimlar U.Kerri, Jilkroyt, U.Jons, Kolbruk va boshqa hindu tili va boshqa mahalliy tillar grammatikasini o’rganishga salmoqli hissa qo’shgan. Hindistonning jahon tsivilizasiyasiga qo’shgan hissasi, buyuk ma’naviy va tarixiy qadriyatlari, adabiyotiga bo’lgan zo’r qiziqish Yevropa davlatlarida qator sharqshunoslik markazlarining shakllanishiga turtki bo’ldi. 19-asr boshida ilk bor Parijda sanskrit va qadimgi Hindiston tillarini o’rganuvchi Hindshunoslik kafedrasi ochildi. 19-asrning 2-choragidan boshlab Angliya, Frantsiya, Germaniya, Skandinaviya davlatlari, keyinroq esa Rossiya va AQShda Hindshunoslik sezilarli darajada rivoj topa boshlagan. 19-asrda buddizm va klassik filologiyani o’rganishda turli mamlakat olimlari R.Rott, M.Myuller, A.Veber, A.Bergen, A.Lyudovik va boshqa samarali faoliyat ko’rsatganlar. Rossiyada Hindshunoslikka bo’lgan qiziqish rus sayyohi afanasiy Nikitinning 15-asrda Hindistonga qilgan sayohati tufayli kuchaydi. U o’z sayohati to’g’risida “uch dengiz osha” asarida talaygina qiziqarli ma’lumotlar bergan. Keyingi asrlarda yuzlab rus savdogar va sayyohlari Hindistonga ko’plab safarlar qilganlar, sekin-asta diplomatik munosabatlar rivojlana boshlagan. 1724 yilda Peterburgda Rossiya Fanlar Akademiyasi tashkil etilib, Hindshunoslik borasida ham fundamental tadqiqotlar boshlab yuborildi. 20-asrning boshlarida Hindshunoslik borasida tadqiqotlar olib borish jonlana boshladi, ayniqsa 2-jahon urushidan so’ng Rossiya sharqshunosligida shakllangan yirik yo’nalish sifatida ilmiy va siyosiy doiralarda talaygina yutuqlari bilan o’z mavqeiga ega bo’ldi. Rossiya Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti, M.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti qoshidagi Osiyo va Afrika instituti, Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti, jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar instituti, diplomatik akademiya, Misr tadqiqotlari markazi, xalqlar do’stligi universiteti, ijtimoiy fanlar bo’yicha ilmiy axborotlar instituti, xorijiy tillar harbiy instituti, Plexanov nomidagi Iqtisodiyot universiteti, Sankt-Peterburg davlat universiteti va boshqa o’nlab ilmiy, oliy ta’lim muassasalari, akademiyalar va harbiy akademiyalarda Hindiston bo’yicha keng qamrovli ilmiy tadqiqot ishlari olib borildi, ular yuzasidan yuzlab risolalar, ilmiy monografiyalar, o’quv qo’llanmalari, darsliklar, ma’lumotnomalar chop etildi. Taniqli rus hindshunos olimlari G.M.Bongard-Levin va G.F.Ilin tomonidan “qadimgi Hindiston” (1969), Yu.P.Nasenkoning “Javoharlal Neru va Hindiston tashqi siyosati” (1975), V.K.Pleshakovning “Hindistonda demokratiya: mahalliy o’z-o’zini boshqaruv” (1992) kitoblarida Hindshunoslikning dolzarb masalalari yoritib berildi. Moskvada muntazam ravishda chop etilayotgan “Aziya i Afrika Segodnya”, “Vostok”, “Nauka i religiya”, “Mirovaya ekonomika i mejdunarodnne otnosheniya”, “Indiya” oylik jurnal va “Vestnik MGU” ilmiy to’plamida Hindshunoslikka taalluqli tahliliy materiallar chop etib kelinmoqda. MDH miqyosida Dushanba universiteti, Olmaota universiteti, Boku universiteti, Kiev universiteti, Qozog’iston Respublikasi Prezidenti huzuridagi strategik tadqiqotlar instituti va boshqa ilmiy, o’quv muassasalarida Hindshunoslik bir maromda rivojlanib bormoqda. Hozirda Parij universiteti va uning tasarrufidagi ilmiy tadqiqot institutlari va markazlarida budda dini, Hindshunoslikning ichki va tashqi siyosati, davlat tuzumi, falsafasi o’qitilmoqda va ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda. Buyuk Britaniyaning (London universiteti, kembrij universiteti, Safiks universiteti va Oksford universitetlari), Germaniyaning (Geydelberg Janubiy Osiyo instituti, Tyubingen universiteti, Myunster universiteti, Berlin universiteti va Gamburg universiteti), Italiyaning (Milan universiteti) universitetlarida qadimgi Hindiston, Venesiya universitetida esa hozirgi Hindistonning dolzarb muammolari yuzasidan muayyan ishlar amalga oshirildi. Hindshunoslik, shuningdek, Avstriyadagi Vena universitetida, Bolgariyadagi Sofiya universitetida, Polshadagi Krakov universitetlarida, Norvegiya, Ruminiya va Ispaniyaning oliy ta’lim dargohlarida ham rivojlanib bormoqda. Hindshunoslik bo’yicha AQShning Kolumbiya universiteti, Berkli universiteti, Chikago universitetlarida, Yaponiyaning Tokio va Osaka universitetlarida ham rivojlanmoqda. Hindshunoslik, shuningdek, Misrning Qohira universiteti, Liviyaning Beng’ozi universiteti, Tripoli universiteti, jarning Yoxannesburg universiteti, Avstraliyaning Sidney universiteti, Turkiyaning Istanbul universitetida malakali hindshunos mutaxassislar tadqiqotlar olib bormoqda. O’zbekistonda ilmiy Hindshunoslikning shakllana boshlaganiga uncha ko’p vaqt bo’lgani yo’q. 1947 yil Toshkent Davlat universiteti Sharq fakultetida hind filologiyasi kafedrasi ochildi. O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida 1950 y. xorijiy Sharq mamlakatlari tarixi bo’limi, 1957 yilda Hindiston va Pokiston tarixi, iqtisodi va madaniyati sektori tashkil topdi. O’zbek sharqshunos-hindshunos olimlaridan A. O’rinboyev (“Abdurazzoq Samarqandiyning Hindiston safarnomasi”), S.Azimjonova (“Kobul va Hindistonda Bobur davlati”, “Humoyunnoma”), I. Nizomiddinov (“O’rta Osiyo va Hindiston madaniy aloqalari tarixidan”), I.Hoshimov (“Hindistonda Boburiylar sulolasi saltanati”) va boshqalar. Hindiston tarixiga oid yirik tadqiqotlarni amalga oshirdilar. O’tgan davr mobaynida hindshunos olimlarimiz tomonidan 50 dan ortiq ilmiy monografiya va risolalar chop qilindi. Ushbu asarlarni yozishda olimlarimizdan fan doktorlari akademik S.Azimjonova, A.O’rinboyev, I.Nizomiddinov, I.Hoshimov, M.Kutina; fan nomzodlaridan A.Qosimov, U.Oripov, S.Tansiqboyeva, N.Muhamedov, L.Eremyan, S.Ermakova, D.Bekayeva, B.Obidov, M.Toshmuhamedov, A.Sahiboev va boshqalar tayyorlab nashr etdilar. Bu tadqiqotlar Hindiston tarixi, ichki va tashqi siyosati, madaniyati, adabiyoti, O’zbekiston — Hindiston aloqalari va hokazo masalalarga bag’ishlangan bo’lib, Hindistonning o’tmishi va hozirgi hayoti haqida mufassal ma’lumotlar beradi. O’zbekistonda Hindiy va urdu tillarini o’rgatish yaxshi yo’lga qo’yilgan. 1990 yildan alohida institut bo’lib tashkil topgan Toshkent sharqshunoslik instituti Janubiy Osiyo xalqlari tillari kafedrasida yetuk hindshunos mutaxassislar talabalarga Hindiy, urdu, panjobi, Bengal tillaridan saboq bermoqdalar. Sharq mamlakatlari tarixi, adabiyoti kafedralarida Hindiston tarixi, adabiyoti fanlari o’qitiladi. Ushbu institutda fan doktorlaridan T.G’iyosov (tarix), O.Shomatov (filolog), fan nomzodlari S. Ag’zamova, H. Begizova, U.Muhibova, T.A.Xo’jayeva, A.Ibrohimov, S.Yo’ldoshev kabi mutaxassislar dars berish bilan birga ilmiy tadqiqotlar ham olib bormoqdalar. O’zbekiston hindshunoslarining nomlari xalqaro va siyosiy doiralarda yaxshi tanilgan va ular Hindistonning tarixi, ichki va tashqi siyosati, siyosiy partiyalari, diplomatiyasi, xotin-qizlar harakati, falsafasi, milliy-ozodlik kurashi, adabiyoti, tillari masalalari, O’zbekiston — Hindiston aloqalari, madaniyati va boshqalar muhim jihatlarini chuqur tadqiq etib kelmoqdalar. T.G’.G’iyosovning “qadimgi Hindiston tarixi” (2000), I.M.Hoshimov va M.M.Kutinaning “Hindiston Milliy Kongressi va Hindistonda mintaqaviy jamoat tashkilotlarining faoliyati” (1980), I.G’. Nizomiddinovning “Boburiylar davlati” (1983), S.M.Ag’zamova, B.Obidovning “Hozirgi Hindiston” (1991), O.N.Shomatovning “Janubiy Osiyo tillariga kirish” (2003) kabi asarlari chop etildi. O’zbekistonda Hindshunoslikni rivojlantirishda, asosan, O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti, Toshkent sharqshunoslik instituti va O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti olimlari samarali faoliyat ko’rsatmoqda. Mamlakatda chop etilayotgan “Sharqshunoslik”, “Sharq mash’ali”, “Vostokovedenie”, “Mayak Vostoka” ilmiy jurnallarida Hindistonning turli jihatlarini yorituvchi maqolalar berib borilmoqda. Toshkentda “O’zbekistonda — Hindiston do’stlik jamiyati” faoliyat ko’rsatmoqda. Tagor, Premchand, Krishan Chandr, Jafriy, Ahmad Abbos va boshqa hind yozuvchi va shoirlarining asarlarini o’zbek tiliga tarjima qilinib nashr etilishi ham respublikada Hindshunoslikni rivojlantirishga hissa bo’lib qo’shiladi. Ad.: Bibliografiya Iidii, M., 1976. Bobir G’iyosov.