Himolay
Himolay (sanskritcha Himalaya — qorlar makoni) — yer sharidagi eng baland tog’ sistemasi, Hindiston, Xitoy, Nepal, Butan va Pokiston hududlarida, shimolda Tibet tog’ligi bilan Janubda Hindgang tekisligi oralig’ida joylashgan. Uzunligi 2400 kilometrdan ziyod, eni 350 kilometrgacha. Tizmalarining o’rtacha balandligi 6000 metr, eng baland joyi 8848 metr. 11 ta cho’qqisining balandligi 8000 metrdan ziyod. Himolay aniq morfologik va tabiiy geografik chegaralarga ega: shimolda Hind va Tsangpo (Brahmaputra) daryolari yuqori oqimlarining ko’ndalang tektonik vodiylari, shimoli-g’arbida Hinduraj tizmasi, sharqida Brahmaputra daryosi darasi. Himolay — Markaziy Osiyo cho’llari va Janubiy Osiyo tropik landshaftlari o’rtasidagi yirik orografik, iqlim va flora to’sig’i hisoblanadi. Himolay Hindgang tekisligidan 3 yirik pog’ona shaklida tik ko’tarilgan. 1-pog’ona daryolar daralari bilan kuchli parchalab yuborilgan Sivalik (Old Himolay, o’rtacha balandligi 900-1200 metr) tizmasidan iborat. 2-pog’onadagi alohida tog’ massivlari va tizmalardan iborat kichik (past) Himolay tog’lari 3-pog’onadagi katta (baland) yoki Bosh Himolay tizmasidan tog’oralig’i botiqlari va qadimgi muzlik soyliklari (Katmandu, Srinagar va boshqalar) bilan ajralgan. U ham o’z navbatida Assom, Nepal, Panjob tizmalariga ajraladi. Muzlik ko’p (maydoni 33 ming km2). Himolay Alp orogenezi davrida shakllangan bo’lib, Janubiy tog’oldi qismi qum-tosh va konglomeratlardan, tub yon bag’ir va o’q qismi gneys, kristalli slanes va metamorfik jinslardan tuzilgan. Foydali qazilmalardan kichik va katta Himolayda magmatik va metamorfik jinslar majmui bilan bog’liq ravishda mis, oltin, xromit, sapfir konlari bor. Himolay tog’oldi bukilmasida neft va gaz konlari aniqlangan. Himolay Hindistonning ekvatorial mussonlari bilan Markaziy Osiyoning kontinental o’lkasi o’rtasidagi keskin iqlim chegarasidir. Himolay g’arbiy sektori iqlimiga temperaturaning keskin tebranishi, kuchli shamollar xos. Qishi sovuq, yanvarning o’rtacha temperaturasi -10°, -18°, 2500 metrdan balandda qor bo’ronlari bo’ladi. Yozi iliq, iyulning o’rtacha temperaturasi 18° atrofida, quruq. Yog’in miqdori tsiklonlarga bog’liq bo’lib (yiliga taxminan 1000 mm), vodiy va soyliklarda tog’ yon bag’irlariga nisbatan 3-4 marta kam yog’adi. Himolay g’arbida 1800-2200 metr balandlikda Hindistonning ko’plab iqlim kurortlari joylashgan. Sharqiy qismi musson rejimli nisbatan issiq va nam iqlimli. Yozda 1500 metrdan baland yon bag’irlarda temperatura 35°, vodiylarda 45° gacha ko’tariladi. Yomg’ir deyarli to’xtamay yog’adi. Janubiy yon bag’irlarning g’arbida 2500 mm dan sharqida 5500 mm gacha, ichki rayonlarda 1000 mm chamasida yog’in tushadi. Himolayning shimoliy yon bag’irlariga sovuq tog’- cho’l iqlimi xos. Temperaturaning sutkalik amplitudasi 45° gacha, yillik yog’in 100 mm chamasida. Daryo va soylar, asosan, Himolayning Janubiy yon bag’irlarida ko’p bo’lib, yuqori qismida qor va muzliklardan, quyi qismida yomg’ir suvlaridan to’yinadi. Vodiylari chuqur va tor, sharshara va ostona ko’p. Tektonik botiqlarda yoki pastqam joylarda muzliklarning erishidan hosil bo’lgan ko’llar, asosan, Himolayning g’arbiy qismida joylashgan. Eng uzun muzliklar Jomolungma va Kanchen-jangada. Muzliklarning quyi chegarasi Kashmirda 2500 metr, Markaziy qismida 4000 metr. Himolayning landshafti turli-tuman. Balandlik mintaqasi aniq ko’rinadi. Tog’ etaklari botqoqlashgan changalzor — terayalardan, 1000-1200 metr balandlikkacha shamolga ro’para yon bag’irlarda va daryo vodiylarida doim yashil sernam tropik o’rmonlar, 1200-1500 metrda doim yashil keng bargli o’rmonlar mintaqasi, 2200 metrdan yuqorida mo’tadil mintaqaning barg to’kuvchi va igna bargli o’rmonlari, 2700— 3600 metrda igna bargli o’rmonlar, 3600-5000 metr, ba’zi joylarda 6000 metrgacha subalp va Alp o’tloqlari mintaqalari mavjud. G’arbiy yon bag’irlarida siyrak kserofit o’rmonlar va butazorlar, barg to’kuvchi musson o’rmonlari, 1200-1500 metrdan O’rta dengiz bo’yiga xos subtropik turlar tarqalgan. Shimoliy yon bag’irlari tog’-cho’l landshaftlari — siyrak quruq o’t va butalar, daryo vodiylarida teraklar o’sadi. 5000 metrdan yuqorisi glyasialnival mintaqa. Tuproqlari qorabalchiqli botqoq, qizil-qo’ng’ir, o’rmon- qo’ng’ir, qo’ng’ir-chala podzol va tog’o’tloqi tuproqlar. Tog’yon bag’irlarining quyi qismida, terayalarda yirik sut emizuvchi hayvonlar — fil, karkidon, buyvol, qobon, antilopa; yirtqichlardan yo’lbars, qoplon; maymunlar yashaydi. Qush turlariga boy. Shimoliy yon bag’irlarida Tibet faunasi — Himolay ayig’i, yovvoyi echki, arxar, qo’tos va kemiruvchi ko’p. Yon bag’irlarida 2500 metrgacha dehqonchilik qilinadi. Plantasiya xo’jaligi rivojlangan. Sug’oriladigan terrasalarda sholi ekiladi. Shimoliy Himolayda 4500 metr balandlikkacha arpa ekiladi. Alpinizm (asosan, Nepalda) taraqqiy etgan.