Hikmatli so’zlar, aforizmlar
Hikmatli so’zlar, aforizmlar — tugal fikrni anglatuvchi, o’tkir mazmunli qisqa va lo’nda ibora, bayt, jumla. Xalq maqollaridan farqli ravishda Hikmatli so’zlar kelib chiqishi jihatidan ma’lum bir shaxs (yozuvchi, shoir, publitsist, faylasuf, olim, davlat arbobi va boshqalar)ga mansub bo’lib, individualligini saqlab qoladi. Hikmatli so’zlarning mustaqil janr shaklidagi namu-nalari bilan birga ilmiy, falsafiy, tarixiy hamda badiiy asarlar tarkibida uchraydiganlari ham bo’ladi. Ba’zan asar boshdan-oyoq Hikmatli so’zlardan iborat bo’lishi ham mumkin (Forobiy va boshqalar). Alisher Navoiyning ayrim asarlari Hikmatli so’zlarga boy (“nazm ul-Javohir”, “Arbain”, “Mahbub ul-qulub” va boshqalar). Sharq xalqlari adabiyotida, jumladan, o’zbek adabiyotida Hikmatli so’zlarning ko’p qismi pand-nasihat, o’git, tanbeh shakllarida bo’ladi. Masalan: Do’stlik, sadoqatga belingni bog’la, Gina, malomatdan tilingni bog’la. (Sa’diy Sheroziy) Xalq jonli tiliga, maqollarga yaqin Hikmatli so’zlar ham ko’p uchraydi. Masalan, “o’qsiz soldat — qilichsiz qin” (oybek), “tishi chiqqan bolaga chaynab bergan osh bo’lmas” (A.Qahhor). Ba’zi Hikmatli so’zlar shaklan quyma holga kelib, ommaviy qo’llanishga o’tgach, maqolga aylanib qoladi. Masalan: Bilmaganin so’rab o’rgangan olim, Orlanib so’ramagan o’ziga zolim. (Alisher Navoiy) O’zbek yozuvchilaridan Hamza, A.Qodiriy, G’.G’ulom, Oybek, H.Olimjon, A.Qahhor, Shayxzoda kabi san’atkorlar o’z asarlarida Hikmatli so’zlarning zamonaviy namunalarini yaratib, o’zbek adabiy tilining rivojiga samarali hissa qo’shdilar. Ad.: Hakimov M ., Yozuvchi va xalq tili, T., 1971;Hakimov M., Navoiy hikmatlarining o’zbek xalq donishmandligini boyitishdagi roli, T., 1977. Nashr: Navoiy, Aforizmlar, T., 1941, 1947, 1948, 1961, 1968; ming bir hikmat [Tuzuvchi Sh.Shomuhamedov], T., 1965; Hikmatlar guldastasi [to’plovchi M.Azamatov], T., 1982; Shomaqsudov Sh., Shorahmedov Sh., Ma’nolar maxzani [Nashrga tayyorlovchilar: D. Shorahmedov, M. Aminov], T., 2001.