Hasharotlar introduktsiyasi
Hasharotlar introduktsiyasi — hasharotlarni o’zi yashab turgan joydan boshqa, yangi hududlarga keltirib agrobiosenoz entomofaunasini sun’iy boyitish. Muhim xo’jalik ahamiyatiga ega. O’simliklarni biologik himoya usulida Hasharotlar introduktsiyasidan keng foydalaniladi. Odatda, bir tur zararkunanda hisobiga yashashga ixtisoslashgan entomofag va akarifaglar introduktsiyasi yaxshi samara beradi. O’zbekistonda 24 tur entomofag va akarifag introduktsiya qilingan bo’lib, shundan 11 turi yaxshi iqlimlashgan; ular zararkunanda hasharotlar miqdorini xo’jalik uchun sezilmaydigan darajada saqlab turadi. Jumladan, qonli bit paraziti afelinus (1931), komstok qurti paraziti psevdafikus (1945) yaxshi iqlimlashdi. Iqlimlashmagan turlardan esa mavsumiy dalaga qo’yish usulida foydalaniladi. O’zbekistonda 1967 yildan iqlimlashtirilgan trixogramma g’o’za hamda sabzavot ekinlari zararkunandalaridan — tunlamlarga qarshi muvaffaqiyatli qo’llanmoqda. Issiqxonalardagi o’rgimchakkanalarga qarshi yirtqich kana — fitoseyulyusni (O’zbekistonga 1969 yilda olib kelingan) qo’llash yaxshi samara bermoqda.