Qusam ibn Abbos majmuasi
Qusam ibn Abbos majmuasi – Samarqanddagi me’moriy yodgorlik (11 —15-asrlar); Shohizinda tarkibida. Majmua turli davrlarda qurilgan masjid, maqbara va chillaxonadan iborat. Qusam ibn Abbos qabri atrofida bunyod etilgan. Majmuaga Chortoqning Sharqiy ravog’idagi 2 tabaqali eshik orqali kiriladi. Yo’lakning o’ng tomonida yuqorisi mo’jaz qafasali bejirim minora (balandligi 12 metr, 12-asr) saqlangan. Masjid 3 ga bo’lingan, yon tomondagi devor ustunlar yordamchi hujralarga birlashtirilgan. Ichki devorining izorasi sirkori yulduzsimon parchinlar bilan bezatilgan. Namoyonlar qo’sh islimiy sirkori parchinli hoshiya bilan o’ralgan. Mehrobidagi kitobalari ham sirkori parchinlardan naqshlangan. Masjidning sharqida miyonxona bo’lib, uning Janubiy- Sharqiy burchagidan maqbaraga o’tiladi. Dastlab murabba tarhli, gumbaz bilan yopilgan go’rxona-sag’ana, ziyoratxona va uning ostida joylashgan chillaxonadan iborat maqbara qurilgan. Qusam ibn Abbos sag’anasi Amir Temur davrida o’rnatilgan: sag’ana ustma-ust qo’yilgan 3 ta to’g’ri to’rtburchakli va ularning ustidagi 1 egri sirtli, jami 4 qismdan tuzilgan, yon tomonlarining yuzasi zarhal islimiy naqshlar bilan ziynatlangan, ular orasiga Qur’on oyatlari, hadislar bitilgan. Sag’anani ziyoratxonadan ko’rish uchun go’rxonaning shimoliy devoriga yog’och panjara o’rnatilgan. Keyinroq masjid va boshqa binolar qurilgan. Bino bag’allariga muqarnaslar ishlangan, gumbazi sirkor qoplamaga ega. Majmuadagi eshiklar 2 tabaqali o’ymakori nafis naqshlar, suls xatidagi kitobalar bilan ziynatlangan. Majmua tarkibidagi xonalarning tarhiy bog’lanishi puxta hal etilganligi bilan ahamiyatga ega.