Og’ir sanoat
Og’ir sanoat — ishlab chiqarish vositalari ishlab chiqaradigan sanoat tarmoqlari guruhi. Og’ir sanoat undirma sanoat tarmoqlarining barchasini va ishlov beruvchi sanoatnint bir qismini o’z ichiga oladi. Unga elektroenergetika, yoqilg’i sanoati, qora va rangli metallurgiya, mashinasozlik va metallni qayta ishlash, kimyo, neft kimyosi, yog’ochsozlik, qog’oz-tsellyuloza, qurilish materiallari sanoati va boshqalar kiradi. Og’ir sanoat mamlakatning ishlab chiqaruvchi kuchlarini rivojlantirishda hal qiluvchi rol o’ynaydi, xalq xo’jaligini kengaytirilgan ishlab chiqarish, texnika bilan qurollantirish, mamlakat mudofaa qudratini yuksaltirish, xalq farovonligini o’stirishning negizi hisoblanadi. O’zbekistonda 20-asrning boshlariga qadar Og’ir sanoat korxonalari bo’lmagan. 20-asrning 20-yillaridan boshlab dastlabki qishloq xo’jaligi mashinasozligi, gidroenergetika, yoqilg’i sanoati korxonalari qurildi. 2-jahon urushi yillarida O’zbekistonga 90 ta Og’ir sanoat korxonasi ko’chirilib keltirildi. Ularning ko’pi mashinasozlik, asbobsozlik korxonalari edi. Urushdan keyingi yillarda ko’pgina yirik korxonalar qurilishi natijasida mashinasozlik tarmoklari ko’paydi, sifati o’zgardi. Shuningdek, samolyotsozlik, asbobsozlik, motorsozlik, Elektroapparat, elektrodvigatel, ekskavator, kompressor zavodlari qurildi. Toshkent, Olmaliq, Chirchiq, Samarqand, Navoiy, Farg’ona, Yangiyo’l, Namangan, Sho’rsuv va boshqa joylar turli xil kimyoviy maxsulotlar ishlab chiqaradigan kimyo industriyasi markaziga aylandi. Bekobod, Chirchiq, Toshkent shaharlari kora metallurgiya, Zarafshon, Olmaliq shaharlari esa rangli metallurgiya markazi hisoblanadi. O’zbekiston sanoatida elektr energiyasi, gaz, neft, ko’mir, benzin, po’lat, avtomobillar, traktorlar, paxta terish mashinalari, elektrodvigatellar, transformatorlar, akkumulyatorlar, kabellar, ekskavatorlar, ko’prikli ko’targichlar, yigiruv mashinalari, samolyotlar, oltingugurt kislotasi, mineral o’g’itlar, tsement, qurilish materiallari va boshqalar ishlab chiqariladi. Mamlakat sanoatida tarmoqlarning tutgan o’rni xar xil. Masalan, 1995 yilda sanoat maqsulotlarining tarmoqlar bo’yicha tarkibida yoqilg’i-energetika majmuasi 18,3%, Metallurgiya 13,9%, kimyo va neft kimyosi sanoati 5,2%, mashinasozlik va metallni qayta ishlash 8,8%, qurilish materiallari sanoati 4,5%, tsellyuloza-qog’oz sanoati 1%ni tashkil qildi. Sanoat taraqqiyotida yoqilg’i-energetika majmuasining o’rni alohida. Uning tarkibiga gaz, neft va neftni qayta ishlash, kumir va energetika kiradi. O’zbekiston jahondagi 10 ta yirik gaz ishlab chiqaruvchi mamlakatlar jumlasiga kiradi. Respublikada qudratli gidro va issiqlik elektr stansiyalari mavjud. Metallurgiya majmuasi tarkibi ma’dan xom ashyosini, kora va rangli metallarni qazib chiqaruvchi, boyituvchi va qayta ishlab chiqaruvchi korxonalardan iborat. Oltin, kumush, mis, qo’rg’oshin, rux, volfram, molibden, litiy, uran, alyuminiy xom ashyosi, Nodir metallar va boshqa qator qazilma boyliklarning aniqlangan zaxiralari ko’p. Kimyo va mashinasozlik majmualari sanoatning muhim sohalaridir. Yangi iqtisodiy sharoitda bu tarmoqlarda chuqur strukturaviy qayta qurishlar amalga oshirildi, ular mamlakatning iqtisodiy mustaqilligini mustahkamlashga yo’naltirilgan. 2002 yilda O’zbekiston Og’ir sanoat korxonalarida 419,6 ming tonna qora metallar prokati, 2,7 million tonna ko’mir, 7,2 million tonna neft (gaz kondensati bilan birga), 59,7 milliard m3 tabiiy gaz, 49,6 milliard kVt-soat elektr energiyasi, 156 ta transformator, 31285 dona avtomobil, 954 dona traktor, 822 ming tonna mineral o’g’itlar, 9733 tonna qog’oz, 3,9 million tonna tsement ishlab chiqarildi. Jahondagi ko’pgina rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarda Og’ir sanoatni rivojlantirishga katta e’tibor berilgan. 1970-yillar o’rtalarida butun dunyoda 6499 milliard kVt-soat elektr energiyasi, 2642 million tonna neft, 1260 milliard m3 tabiiy gaz, 2505 million tonna ko’mir, 476 million tonna cho’yan, 652 million tonna po’lat, 96,6 million tonna mineral o’g’itlar ishlab chiqarildi. Bu ko’rsatkichlar 20-asrning oxiriga qadar ham ortib bordi. Og’ir sanoat rivojlangan mamlakatlar iqtisodiyotida g’oyat muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, AQSh, Buyuk Britaniya, Frantsiya, Germaniya, Yaponiya, Italiya va boshqa mamlakatlar sanoatida asosiy o’rinni egallaydi. Abdurahim Ortiqov, Ravshan Otaboyev.