Og’zaki an’anadagi musiqa, an’anaviy musiqa
Og’zaki an’anadagi musiqa, an’anaviy musiqa — musiqa ijodiyotining asosiy turlaridan. Qadimdan odamlarning hayotiy ehtiyojlarini qondirish jarayoni (mehnat, marosim va boshqalar)da yuzaga kelib, tarixiy rivoji natijasida ikkita asosiy — xalq musiqa ijodi (musiqiy folklor) va og’zaki an’anadagi professional musiqa (mumtoz musiqa, bastakorlik) qatlamlariga ajratilgan. Og’zaki an’anadagi musiqa ijodkorlari ommaviy badiiy ongning xususiyatlariga izchil tayanib, muayyan davr, uslub va boshqalarning estetik qonunlari, ijodiy qoidalariga qat’iyan bo’ysunadi. Shu nuqtai nazardan Og’zaki an’anadagi musiqa, aksar hollarda individual obrazlar yaratishga qaratilgan kompozitorlik ijodidan farq qiladi. O’z tabiatiga ko’ra, Og’zaki an’anadagi musiqa nota yozuvida “mustahkamlangan” mualliflik asarlardan emas, balki og’zaki shaklda, avloddan avlodga meros bo’lib o’tgan namunalardan iborat bo’ladi. Mazkur namunalarning badiiy ifodasi turli jarayonlar, o’ziga xos yo’llar orqali gavdalanadi. Ustozlardan bevosita eshitib o’rgangan namunalarga shogird sozandaxonandalar o’z qissalarini qo’shadilar, yoinki boshqacha variant (yo’l) lar yaratib, ijro etadilar. O’zbek musiqa merosini xalq musiqa ijodi (mehnat va marosim qo’shiklari, Yalla, lapar, termalar, o’yin-raqs va lirik kuylar kabi) hamda og’zaki an’anadagi professional musiqa (maqom, ashula, cholg’u yo’llari va boshqalar) janrlari tashkil etadi. Olimjon Bekov.