Odamato

Odamato — Islomga (shuningdek, iudaizm va xristianlikka) ko’ra, Alloh tomonidan yaratilgan yer yuzidagi birinchi odam va inson zotining otasi. Qur’onga ko’ra, Alloq Odamatoni loydan o’zining yerdagi o’rinbosari (xalifa) sifatida yaratib, unga o’z ruhidan jon ato etgan. Odamato Abulbashar (insoniyat otasi) deb ham ataladi. Islomda Odamato birinchi payg’ambar hisoblanadi. Alloh Odamatoga barcha narsalarning nomlarini o’rgatdi va bu bilan uni farishtalardan yuqori qo’ydi, farishtalarga Odamatoga bosh egib sajda qilishni buyurdi. Faqat Iblis sajda qilishdan bosh tortdi. Iblis takabburligi va sarkashligi tufayli jannatdan quvildi. Odamato jufti haloli Momohavo bilan jannatda yashab, ularga barcha ne’matlardan yeyishlikka ruxsat berildi, faqatgina bir daraxtning mevasidan yeyish taqiqlandi (A’rof surasi, 19-21-oyatlar). Iblis Odamato bilan Momohavoni aldab, taqiqlangan daraxt mevasini yediradi. Buning jazosi evaziga ular jannatdan chiqarilib, ularning avlodlari yerda yashashga va mehnat qilishga mahkum etiladi.