Odimchilar

Odimchilar (Geometridae) – kapalaklar turkumiga mansub hasharotlar oilasi. 12 ming turi ma’lum. Qanotlari yoyilganda 14-50 millimetr. Odimchilar kapalagining rangi bo’g’iq kulrang, qanotlari katta, xartumchasi rivojlangan, erkagining mo’ylovlari patsimon yoki taroqsimon. Qurtlarining qorin oyoqlari 2 ta, kamdan-kam 3-4 juft, harakatlanganida dastlab tanasining oldingi qismini ilgari suradi, so’ngra orqa qismini tortib oladi (go’yo “odimlagandek” bo’ladi; nomi ham shundan). Sug’orma dehqonchilik mintaqalarida ko’p uchraydi. Odimchilar barglar orqasiga, po’stloq yoriqlariga, kurtak uchiga bittadan yoki to’p-to’p qilib tuxum qo’yadi. Qurtining rivojlanishi 1-2 oy davom etib, tuprokda, to’kilgan barglar orasida g’umbakka aylanadi. Odimchilar o’simlik bargi, kurtaklari va boshqalar bilan oziqlanadi. Asosan, begona o’tlar orasida va bedazorlarda hayot kechiradi. Kurash choralari: bedazorlarga Fozalon (1,5 kg/ga), xlorofosning ho’llanuvchi kukuni yoki texnik xlorofos (1,5 kg/ga), ambushning 25%li emulgirlanuvchi kukuni va boshqalar bilan ishlov beriladi.