Ossillyator

Ossillyator (lotincha oscillare — tebranish), vibrator — mexanik, elektromagnit va boshqa tebranishlar hosil qiladigan fizik tizim. Tizim holatini ifodalovchi kattaliklar vaqt bo’yicha davriy o’zgaradigan tizimlar uchun Ossillyator atamasidan foydalaniladi. Tizimni muvozanat holatidan chiqaruvchi kuch uni muvozanat holatiga qaytaruvchi kuchga mutanosib bo’lsa, bunday Ossillyator garmonik (uyg’unlashgan) Ossillyator deyiladi. Bunda Ossillyator chastotasi tizim parametrlariga bog’liq bo’lib, garmonik tarzda tebranadi. Masalan, kichik tebranishlar bilan harakatlanayotgan mayatnik garmonik Ossillyator hisoblanadi. Elektromagnit maydon nazariyasida Ossillyator Dipol deb ataladi. Bunday Ossillyatorning to’lqin tarqatishi elektrodinamika masalalarini hal qilishda juda muhim. Molekula va kattiq jismdagi ionlar, atomlar, radikallar va boshqalarning tebranishi ham Ossillyator deb qarash mumkin.