ASTROKOLORIMETRIYA

ASTROKOLORIMETRIYA (astro… va lotincha color — rang, metron — o’lchash) — har xil ranglarda osmon yoritqichi yorug’ligini o’lchash orqali uning fizik ko’rsatkichlarini o’rganish bilan shug’ullanadigan soha. Yoritqichdan kelayotgan no’rni har xil rangli nur ko’rsatkichlar orqali o’tkazib, nur qabul qiluvchi va o’lchovchi asboblar yordamida uning intensivligi o’lchanadi. Har bir nur qabul qiluvchi asbob o’ziga xos spektral sezgirlik maksimumida qo’llaniladi. Ikki xil rangda yoritqich nurining intensivliklari, aniqrog’i, yulduz kattaliklari ayirmasi uning rang ko’rsatkichi deyiladi. Rang ko’rsatkichi yoritqich spektrida energiyaning taqsimlanishini ko’rsatadi va yoritqichning temperaturasiga bog’liq bo’ladi. Past temperaturadagi yulduzlar qizil, yuqori temperaturadagilar oq yoki havorang nur sochadi. Temperatura bilan rang ko’rsatkichi orasida boglanish mavjud. Yoritqich spektrini to’laroq o’rganish maqsadida ko’p rangli kolorimetrik tizimlar qo’llaniladi. Bunda nur qabul qiluvchi asbob sifatida fotoelektron ko’paytirgich qo’llaniladi va har xil maxsus tanlangan rangli shisha to’sqichlar ishlatiladi. Masalan, uch rangli tizim ultrabinafsha (V), ko’k (V) va sariq (V) nurlarda yulduz kattaligi U — V va V — V rang ko’rsatkichlarini o’lchashga asoslangan. Olti rangli tizimda qo’shimcha yashil (G), qizil (R) va infraqizil (I) yulduz kattaliklari o’lchanadi. Kolorimetrik o’lchashlar yoritqichning rang temperaturalarini va samarali nurlanish rangini (to’lqin uzunligini) aniqlashga imkon beradi. Isroil Sattorov.