Ochiq iqtisodiyot
Ochiq iqtisodiyot – jahon miqyosida tovarlar, xizmatlar, kapitallar va ishchi kuchi harakatida, milliy iqtisodiyotlar o’rtasida o’zaro to’sqinliklar bo’lmaydigan iqtisodiyot. Ochiq iqtisodiyot unga teskari bo’lgan yopiq iqtisodiyotdan ayrim belgilariga ko’ra farqlanadi: Ochiq iqtisodiyotda jami taklifning qo’shimcha elementi — eksport bilan import o’rtasidagi farqni belgilaydigan sof eksport mavjud bo’ladi; ochik sharoitlarida tovarlar, xizmatlar, pullar va moliyaviy aktivlar mehnat resurslari bilan birgalikda valyuta bozorini yuzaga keltiradi; bu bozordagi pul qiymati — valyuta kursi asosiy makroiqtisodiy parametrga aylanadi; Ochiq iqtisodiyotda fiskal va pul- kredit siyosati yopiq xo’jalikka nisbatan boshqa natijalarni yuzaga keltiradi. Ochiq iqtisodiyotda monetar siyosat jami talabga ta’sir ko’rsatish nuqtai nazaridan mutlaq samarasiz bo’lib qoladi. Shuning uchun pul taklifini ko’paytirish orqali barcha takliflarni rag’batlantirishga urinish “ortiqcha” pullarning Markaziy bankda valyutaga almashtirish uchun sotilishiga olib kelishi mumkin. Bu esa davlat valyuta zaxiralarini kamayishiga olib keladi, lekin umumiy talabga ta’sir ko’rsatmaydi. Hozirgi sharoitda turli bozorlarning ochiklik darajasi ham bir xil emas. Ayrim holatlarda yuqori darajada tovarlar, xizmat bozorlari, kam miqdorda kapitallar bozori, undan ham kam miqdorda esa mehnat bozorlari erkinlashtiriladi. Milliy iqtisodiyotlarning bir-birlariga nisbatan o’sib boruvchi ochiqligi iqtisodiyotni milliylashuvi jarayonining ajralmas, boshlang’ich qismidir. Bu jarayonlar xalqaro mehnat taqsimotini chuqurlashtirib, mahsulot va xizmatlar sifatining o’sishiga va ishlab chiqarish xarajatlarini pasayishga olib keladi. Ko’p mamlakatlar Ochiq iqtisodiyotga o’tishda ro’y beradigan xavf-xatarlar bo’lishini hisobga olib, tashqi iqtisodiy aloqalarni boshqarishda bojxona bojlari stavkalarini qaytadan ko’rib chiqishga, import va eksportga miqdoriy kvotalar va litsenziyalar belgilashni takomillashtirishga, valyuta nazorati olib borishga ahamiyat beradilar. Bundan tashqari, xalqaro darajalarda mamlakatlar o’rtasida xolisona taqsimot, xarajatlarni eng kam darajaga olib kelish orqali xo’jalik faoliyatini milliylashtirish bo’yicha mexanizmlarni topish ishlari ham izlanadi. Dilerom Tojiboyeva.