Oqquray

Oqquray (Psoralea L.) — dukkakdoshlar oilasiga mansub o’tlar turkumi, ko’p yillik o’simlik. O’zbekistonda (R. drupaceae Bge.) dukkakli Oqquray turi uchraydi. Ildizi yo’g’on va uzun. Poyasi tarvaqaylab shoxlangan, uzunligi 130 santimetrcha. Barglari oddiy, yaxlit, yumaloq yoki uch bo’lakli, cheti arrasimon, bandli, ketma-ket joylashgan. Guli mayda, to’pguli shingilsimon, gultojisi binafsha rang. Gulkosalari qo’ng’iroqsimon, 5 tishli. Mevasi bir urug’li dukkak. Dukkagi paxmoqtukli. Poyasi, bargi hamda mevasi tuk va mayda bezakchalar bilan qoplangan. Iyun—sentabr oylarida gullab urug’laydi. Dorivor o’simlik hisoblanadi. Ildizi va mevasida furokumarinlar (psoralen, izopsoralen va boshqalar), mevasida efir moyi va boshqalar mavjud. Ildizi va mevasidan olinadigan psoralen preparati pes kasalligi (vitiligo)ni davolashda ishlatiladi. Tog’yon bag’irlarida, baxrrikor yerlarda begona o’t sifatida o’sadi. Cho’l va adir mintaqalariga keng tarqalgan.