Oqilona ehtiyoj
Oqilona ehtiyoj – resurslar kamyobligi sharoitida ehtiyojlarni qondirish usullaridan biri. Oqilona ehtiyojda eng kam resurslar bilan ko’proq ehtiej qondiriladi (optimal daraja). Kishilarning ehtiyoji miqdoran muttasil o’sib boradi. Shu sababli iqtisodiyot ham shunga mos rivojlanishi kerak. Aks holda ehtiyojlar qondirilmay qoladi. Tabiiy boyliklarni, resurslarni ko’proq ishlatish hisobidan ehtiyojlarni qondirish vaqtinchalikdir, chunki tabiiy boyliklar, resurslar tugab borganidan kishilar uni kamroq sarflash yo’lini qidiradi. Resurslarni tejovchi texnologiya yaratilib, keng qo’llaniladi. Kamyob resurslar bilan ehtiyojlarni ta’minlash uchun quyidagilarni amalga oshirish zarur: ehtiyojlar ko’p bo’lganidan ularning hammasini birdaniga qondirish mumkin emas, shu boisdan ularning eng muhimi ajratib olinadi va ishlab chiqarish ularni qondirishga qaratiladi (masalan, hozirgi bosqichda O’zbekiston uchun qishloq xo’jalik, neft mahsulotlari, ayniqsa, donga bo’lgan ehtiyoj eng zarur hisoblanadi va resurslar eng avval shularni qondirishga yo’naltirilgan); resurslar kamyob bo’lganidan ishlab chiqarishning eng zarur sohalariga ustuvor ahamiyat beriladi. Muqobil zarur mahsulotlardan eng maqbuli tanlab olinadi. Bir mahsulot uchun resurs ko’proq ketsa, tabiiy ravishda boshqasiga kamroq ketadi. Shuning uchun resurslar sarfining tejamli usuli tanlanadi, shunda shu resurs birligi hisobiga ko’proq mahsulot olinadi, ehtiyojni to’laroq qondirish mumkin bo’ladi. Dilorom Tojiboyeva.