Ob-havoni oldindan aytish
Ob-havoni oldindan aytish — atmosferada sodir bo’layotgan jarayonlar rivojlanish qonuniyatlarini hisobga olgan qolda ob-havoning kelajakdagi holati (ob-havo prognozi) haqida ilmiy asosda ma’lumot berish. Ob-havoni oldindan aytish muddatlari: o’ta qisqa muddatli (12 soatgacha), qisqa muddatli (1-2 sutka), o’rta muddatli (3-10 kungacha), uzaytirilgan o’rta muddatli (1 oygacha), oy, fasl prognozlariga bo’linadi. Ob-havo prognozi alohida joy, hudud, trassa, viloyat va respublika hududi uchun berilishi mumkin. Ob-havoni oldindan aytishda umumiy va maxsus maqsadlar ko’zda tutiladi. Umumiy ob-havo prognozida eng muhim meteorologik elementlar (temperatura, bosim, budut, yogin, shamol), shuningdek, tuman, chang yoki qor bo’ronlari, momaqaldiroq, dovul, o’simliklarni sovuq urishi, qor ko’chkilari, yaxmalak va boshqa meteorologik hodisalarning kelajakdagi o’zgarishlari haqida ma’lumotlar beriladi. Xalq xo’jaligining turli sohalari: masalan, bulutlarning pastki va yuqori chegaralari, yer sirtida va yuqori balandliklarda shamol tezligi va yo’nalishi (aviatsiya uchun); yog’in miqdori, havo temperaturasi, o’simliklarni sovuq urishi, qurg’oqchilik va hokazolar (qishloq xo’jalik uchun); qor bo’roni, kuchli jala, uzoqni ko’rish masofasi (temir yo’l transporti uchun) va boshqalar uchun maxsus prognozlar ham tuziladi. Sutkali Ob-havoni oldindan aytish o’tgan asrning 60-yillarida boshlandi. 20-asrning 30-yillarida atmosferaning yuqori qatlamlarini sistematik o’rganishga imkon beradigan radiozondningyaratilishi (sobiq SSSR da), atmosferada jarayonlarining fizik qonuniyatlarini chuqur o’rganish Ob-havoni oldindan aytish usullarining takomillashishiga olib keldi. Ob-havoni oldindan aytish uchun kerakli ma’lumotlar meteorologik stansiyalardan sutka davomida bir necha marta telegraf yoki radio orqali olinadi. Ob-havo byurolarida yer uchun sinoptik xarita va yuqori qatlamlar uchun barik topografiya xaritalari va boshqalar tuziladi. Shular yordamida yer sharining katta hududida ob-havo holati taxlil qilinib, barik sistemalar, tsiklonlar, antisiklonlar hamda havo massalari, atmosfera frontlarining siljish tezligi va yo’nalishi aniqlanadi. Bu ma’lumotlar hamda joyning mahalliy xususiyatlari (yer yuzasi landshafti, orografiyasi va hokazolar) punkt, trassa yoki anik, bir rayon uchun Ob-havoni oldindan aytishga imkon yaratadi. Uzoq muddatli Ob-havoni oldindan aytish muammosi qisqa muddatli prognozga nisbatan ancha murakkab. Katta miqiyosdagi atmosfera jarayonlarining bir necha kundan bir necha oygacha davrdagi tsirkulyasiyasi o’rganilib, ularning almashinish qonuniyatlari va kelajakda qanday bo’lishi aniqlanadi. Oylik prognozda o’rtacha oylik temperatura va yog’inlar miqdorining ko’p yillik me’yordan qancha farq qilishi yoki ishorasi qanday bo’lishi haqida fikr yuritiladi va oy davomida bo’ladigan o’zgarishlar haqida axborot beriladi. O’rta Osiyo mamlakatlari uchun oylik Ob-havoni oldindan aytishni Toshkentdagi gidrometeorologiya markazi amalga oshiradi. Tohir Muxtorov.