Oxirgi zarurat
Oxirgi zarurat (huquqda) — o’zining yoki boshqa shaxsning hayoti, sha’ni, qadr-qimmati, huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari, shuningdek, jamiyat va davlat manfaatlari xavf-xatar ostida qolgan hollarda, tajovuzdan himoyalanish maqsadida zaruratdan sodir etilgan harakatlar. Oxirgi zarurat harakatlari, rasman karaganda, jinoiy tusda bo’lsada, kelayotgan xavfni kaytarish uchun noiloj sodir etilgani va uning oqibatlari qaytarilgan xavfga nisbatan ozroq bo’lgani sababli, shaxs javobgarlikka tortilmaydi. Agar tahdid qilayotgan xavfni boshqa vositalar bilan qaytarish imkoniyati bo’lsa, shaxs Oxirgi zarurat chegarasidan chetga chiqqan hisoblanadi. Oxirgi zarurat holatiga baho berishda taxdid qilayotgan xavfning xususiyati, yetkazilishi ehtimol bo’lgan ziyonning darajasi, xavfning yuz berish vaqti yaqinligi va himoyalanayotgan shaxsning ruhiy holati e’tiborga olinadi. Oxirgi zarurat choralari chegarasidan chiqib hujum qiluvchiga yoki ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsga uni ushlash vaqtida badaniga og’ir shikast yetkazilganlik yoxud hayotidan mahrum etganlik uchun engilroq jazo choralari tayinlanadi. Jismoniy yoki ruhiy majburlash natijasida boshqalarga zarar yetkazish hollarida ham Oxirgi zaruratga oid qoidalar qo’llanadi (O’zbekiston Respublikasi JK, 38-, 39-, 55-, 101- va 108-moddalar). O’zbekiston Oliy sudi Plenumining 1990 yil 20 iyuldagi qarorida, agar shaxs jismoniy yoki ruhiy ta’sir etish, ishdan yoxud boshqa yashash manbaidan mahrum bo’lish xavfi ostida rasmiy jihatdan jinoiy jazo tayinlash mumkin bo’lgan harakatlarni sodir etsa, bu harakatlarni Oxirgi zarurat holatida bo’lgan hisoblash haqida yo’l-yo’riq berilgan. G’afur Abdumajidov.