Orollar yoyi
Orollar yoyi — kontinentdan okeanga o’tuvchi oraliq zonalardagi hozirgi geosinklinal sistemalari relefida yaqqol ko’rinib turuvchi strukturalar. Orollar yoyi bir yo’nalish bo’yicha joylashgan, okean va dengizlar suvi yuzasidan orollar ko’rinishida ko’tarilgan va chekka dengizlar o’rnini chuqur suv osti novlaridan ajratib turuvchi tog’ tizmalaridir. Orollar yoyining asosi eni 40-50 kilometr, uzunligi 1000 kilometr va undan ortiqbo’lgan suv osti tizmalaridan iborat. Tizmalar Vulkanogen qatlamlardan tuzilgan va suv ustida orollar ko’rinishida chiqib turadi. Orollar yoyi ko’pincha ikki parallel qator tepalardan iborat bo’lib, aksari tashki qatori (chuqur suv osti noviga qaragani) suvning tagida joylashgan. Bu holda qator tepalar chuqurligi 3-4,5 kilometrli bo’ylama depressiya bilan ajralgan bo’ladi. Yoriqlar zonasida ko’ndalang depressiyalar ham bor. Orollar yoyi, ayniqsa, tinch okeanning g’arbiy chekkasida yaxshi rivojlangan. Orollar yoyi rivojlanishining dastlabki bosqichida okean osti yer po’sti qalinlashadi (masalan, Mariana Orollar yoyi). So’nggi bosqichda yirik orollar yoki yarim orollarni (masalan, Yaponiya orollari, Kamchatka yarim oroli, Yangi Gvineya) hosil qiladi. Bu yerlarda yer po’sti tuzilishiga ko’ra, kontinental tipiga yaqin bo’ladi. Orollar yoyi uchun jadal vulkanizm, kuchli zilzilalar xos.