Oydin

Oydin (taxallusi, asl ism-sharifi Sobirova Manzura) (1906.20.11 — Toshkent — 1953.30.5) — yozuvchi, dramaturg. Xotin-qizlar bilim yurti (Inpros)da (1919-23) va Samarqand Pedagogika akademiyasida (1927 — 31) o’qigan. O’zdavnashrda bo’lim boshlig’i (1931), O’zbekiston yozuvchilar uyushmasida mas’ul kotib (1932 — 37). “Yorqin hayot” jurnal muharriri o’rinbosari (1938-41), O’zbekiston Radioqo’mitasida adabiy eshittirishlar bo’limi mas’ul muharriri (1941-45), “O’zbekiston xotin-qizlari” jurnal bosh muharriri (1946-53). Ilk she’rlar to’plami — “tong qo’shigi” (1931) va “chechan qo’llar” (1932)da o’zbek ayollarining hayotda tutgan o’rni, qadr-qimmati va o’ziga xos xarakterini realistik bo’yoqlarda tasvirlagan. “Chaqaloqqa chakmoncha” (1939), “Qizlarjon” (1943), “Shirin keldi” (1944), “mardlik — mangulik” (1947), “hikoya va ocherklar” (1952), “Hikoyalar” (1954) kabi kitoblari o’zbek hikoyachiligining eng yaxshi namunalaridir. Oydin asarlarining asl mohiyatini badiiy adabiyotning azaliy muammosi bo’lgan yaxshilik va yomonlik o’rtasidagi kurash tashkil etadi. Drama (“Yangilikka qadam”, 1925), ayrim san’at arboblari; M. Turg’unboyeva, H. Nosirova va boshqalar haqida ocherklar, adabiy-publitsistik maqolalar muallifi. Toshkent ko’chalaridan biriga o. nomi berilgan. As: She’rlar, T., 1937; Hikoyalar, T., 1967; Shiringa maktub, T., 1975; Gulsanam, T., 1985. Ad.: Zulfiya, Oydin Sobirova [ocherk], T., 1953; Mirzaev S, Oydin, adabiy portret, T., 1965.