Olot tumani
Olot tumani — Buxoro viloyatidagi tuman. 1943 yil 14 Fevralda tashkil etilgan. 1960 yil Qorako’l tumaniga qo’shilgan. 1973 yil 26 dekabrda qayta tashkil etilgan. 1983 yildan yana Qorako’l tumani tarkibida. 1989 yildan Olot tumani yana alohida tuman maqomiga ega bo’ldi. Buxoro viloyatining Janubi-g’arbida joylashgan. Janub, Janubi-sharqdan Qashqadaryo viloyati, Janubi-g’arbdan eng katta masofada (75 kilometr) Turkmanistonning Lebap viloyati (Amudaryo orqali), shimoliy-G’arb va shimoliy-sharq tomondan Buxoro viloyatining Jondor, qorako’l, Buxoro, Qorovulbozor tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 3,22 ming km2. Aholisi 77,9 ming kishi (2003). Tumanda 1 shahar (Olot), 10 qishloq fuqarolari yig’ini (Bahoriston, Guliston, Denov, Jumabozor, Kirlishon, Paxtakor, Soyinqorovul, Tolqonsayot, Chandir, Chorbog’) bor. Markazi — Olot shahri. Tabiati. Tuman hududi Zarafshon daryosining eng quyi qismida, Qorako’l deltasidagi tekislikda joylashgan. Relefida keskinlik kam. Faqat Dengizko’l rayonida Dengizko’l botig’i (160 metr) va Dengizko’l platosi o’rtasidagi balandliklar farqlanadi (Jilliqoya — 302 metr, Somontepa — 280 metr). Tumanning 10% ga yaqin maydoni o’zlashtirilgan vohadan iborat, qolgan qismi qumli, gipsli, gilli, sho’rxok cho’llardir, 100 ga yaqin qoldiq ko’l bor. Ulardan eng kattalari — Dengizko’l, Somonko’l, Qorong’iko’l, Sho’rko’l, Xo’jamsayod, Qarag’anjida va boshqalar. Qorako’l daryosining quyi oqimi va sobiq moxondaryo o’zani, asosan, tekislikdan iborat. Tuproqlari o’tloqi bo’z, qumloq bo’z, taqir bo’z tuproqlardir, Janubda sho’rxoklar katta maydonni egallaydi. Yer osti sizot suvlari ancha yaqin. Tuman hududida 132 quduqdan foydalanilmoqda. Yirik gidrotexnika inshootlari va nasos stantsiyalari mavjud. Tuman hududi orqali Amu-Buxoro, Amu-Qorako’l kanallari o’tadi. Foydali qazilmalardan O’rtabuloq va Olotda tabiiy gaz, qoldiq ko’llarda tuz, qurilish materiallari zaxirasi katta. Iqlimi keskin kontinental. Yanvarning o’rtacha temperaturasi — 0,4°, eng past temperatura -24°, iyulning o’rtacha temperaturasi 29,3°, eng yuqori temperatura 46°. Vegetatsiya davri 205 kun. Yillik yog’in 120-125 mm. Yovvoyi o’simliklardan boyalich, kovrak, yantoq, shuvoq, singren, saksovul, Qandim, bahorda rang, qo’ng’irbosh, yaltirbosh va boshqalar o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan taroq barmoqli qo’shoyoq, ingichka barmoqli yumronqoziq, malla yumronqoziq, sug’ur, sassiqko’zan, qumsichqon, qum bo’g’ma iloni, charx ilon, cho’l mushugi, qushlardan tuvaloq, qorabovur, olabovur, qirg’ovullar va boshqalar bor. Qumli cho’llarning tipik tabiiy komplekslarini qo’riqlash va boyitish maqsadida tuman hududida 1971 yilda Qorako’l qo’riqxonasi tashkil etildi. Qo’riqxonada 200 ga yaqin o’simlik turi (shundan 30 ga yaqin daraxt va butalar) bor. Qo’riqxonadagi suv havzalari (kanallar, ko’llar)da 30 ga yaqin baliq turi yashaydi. Sudraluvchilarning 30 xili, qushlarning 170 turi, sut emizuvchilarning 30 ga yaqin turi bor. Jumladan, qo’riqxonada Zarafshon qirg’ovuli, qum quyoni, qobon va boshqalar ko’paytirilmoqda. Aholisi, asosan, o’zbeklar, shuningdek, turkman, qozoq, tatar va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholi zichligi 1 km2 ga 24,2 kishi (2003). Shahar aholisi 11,5 ming kishi, qishloq aholisi 66,4 ming kishi. Xo’jaligi. Tuman qishloq xo’jaligi asosan, paxtachilik, g’allachilik va chorvachilikka ixtisoslashgan. Pillachilik, sabzavotchilik, polizchilik ham rivojlanmoqda. Sug’oriladigan yerlar 19,5 ming gektar. Tumanda 8 yirik sanoat korxonasi mavjud. Shulardan O’zbekiston — Shveytsariya—Germaniya qo’shma korxonasida paxta xom ashyosidan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Hunarmandchilik tarmoqlari bor. 2 ta avtoxo’jalik ishlab turibdi. O’rmon xo’jaligi faoliyat ko’rsatadi. Tumanda 14 shirkat xo’jaligi, 800 dan ortiq fermerlar xo’jaligi mavjud. “Olot” shirkat xo’jaligi qo’ychilikka ixtisoslashtirilgan. Tuman shaxsiy va jamoa xo’jaliklarida 36,9 ming qoramol, 87,9 ming qo’y va echki, 36,2 ming parranda boqiladi (2003). Tuman markazi O’rta Osiyo temir yo’l tarmoqlari bilan bog’langan. Buxoro—Olot yo’nalishida poezd qatnovi yo’lga qo’yilgan. Avtoyo’llarning uzunligi 251 kilometr. 2002/2003 o’quv yilida 35 ta umumiy ta’lim maktabida 19,7 ming o’quvchi ta’lim oldi. Olot qishloq xo’jalik kolleji (653 talaba), muzey, 38 kutubxona, 19 klub, madaniyat va istirohat bog’i bor. Tumanda Markaziy kasalxona, bir necha feldsher-akusherlik punktlari ishlab turibdi. Ularda 205 malakali tibbiy xodim xizmat qiladi. 1998 yildan “Olot hayoti” gazeta chop etilmoqda (adadi 1000).