Oraliq ekinlar
Oraliq ekinlar — almashlab ekish tizimidagi asosiy ekinlar hosili yig’ib olingandan keyin ekiladigan qo’shimcha ekinlar. Intensiv almashlab ekishda bir yilda 2 -3 marta hosil olish imkonini beradi, tuproqni eroziyadan asraydi. O’rta Osiyoning sug’orma dehqonchilik mintaqalarida javdar, arpa, suli, no’xat, shabdar, kuzgi indov, xantal, bersim va boshqalar Oraliq ekinlar hisoblanadi. Oraliq ekinlar bahorda ko’k ozuqa uchun o’rib olinadi, o’rniga asosiy ekin tariqasida makkajo’xori, jo’xori, sudano’t va boshqalar ekiladi. Oraliq ekinlarning zichlashgan ekin, aralash ekin, ko’kat o’g’it, qo’shma ekin, kulis ekin, ikkinchi ekin deb ataluvchi turlari bor. Oraliq ekinlar tufayli har ga erdan olinadigan mahsulot miqdori ortadi, tuproq unumdorligi oshadi. O’zbekistonda Oraliq ekinlarni yetishtirish uchun nihoyatda qulay sharoit mavjud: kuz-qish-erta bahor mavsumlarida 1000 — 1500° issiqlik tushadi. Oraliq ekinlar yetishtirish uchun esa 540 -900° harorat talab etiladi. Shu davr ichida Oraliq ekinlar 1 gektar yerda 300 -600 tsentner ko’k massa hosili, bundan tashqari, 4 -6 tonna quruq holdagi ildiz-poya qoldig’i to’playdi. O’zbekistonning sug’orma dehqonchilik yerlarida Oraliq ekinlarni ekish hisobiga 2,7 -3,0 million tonna qo’shimcha ozuqa birligi yetishtirish mumkin. Oraliq ekinlar ikki mavsumda — birinchisi avgsutda, ikkinchisi oktabrda ekiladi.