Olxo’ri, olu
Olxo’ri, olu (Prunus) — ra’nodoshlar oilasiga mansub danakli meva daraxti yoki buta. 30 dan ortiq turi ma’lum. Eng ko’p tarqalgan turi oddiy Olxo’ri bo’lib, tog’olcha bilan yovvoyi olxo’ri (tern)ning tabiiy chatishishidan kelib chiqqan deb taxmin qilinadi. Vatani — Kichik Osiyo, Kavkaz, Shimoliy Eron. O’zbekistonga Eron orqali keltirilgan. Hozir O’rta Osiyoda dastlab keltirilgan oq olu, sariq olu, qora olu va ulardan kelib chiqqan navlar tarqalgan. Olxo’ri joy tanlamaydi. 2000 ga yaqin (O’zbekistonda 200 dan ortiq) navi bor. O’zbekistonda ekilish maydoni jihatidan danakli meva daraxtlari orasida o’rikdan keyin turadi. Barglari ketma-ket, gullari yakka yoki 2-3 tadan o’rnashgan, oq yoki ko’kish. Olxo’ri mevasi dumaloq, tuxumsimon, cho’zinchoq, 60-100 gramm, sariq, yashil, qizil, ko’kimtir-qora; mumg’ubor bilan qoplangan. Tarkibida 14-21% qand, 0,5—1,2% kislota, azotli moddalar va vitaminlar mavjud. Yangiligida yeyiladi, qoqi, konserva qilinadi, sharbatli ichimliklar, jem, murabbo, qiyom va boshqa mahsulotlar tayyorlanadi. Olxo’ri, asosan, payvandlab hamda ildiz bachkisidan ko’paytiriladi. Olxo’ri uchun eng yaxshi payvandtag tog’olcha. Ko’chati o’tqazilgach, 4-6-yili hosilga kiradi. O’zbekistonda mart-aprelda gullaydi, mevasi iyunning ikkinchi yarmidan sentabr oxirigacha pishadi. 20-25 yil yaxshi hosil beradi (daraxti 30-50 kilogramm, ayrimlari 100 kilogrammgacha); sovuqqa chidamli. Parvarishi danakli meva daraxtlarinikiga o’xshash. O’zbekistonda Vengerka, Berton, Ispolin olxo’risi, Samarqand qora olusi, Vashington va boshqa navlari ekiladi. Zararkunandalari: olxo’ri qurti, olma qurti. Kasalliklari: klyasterosporioz va boshqalar. Ad.: Pomologiya O’zbekistona, T., 1983; Ribakov A. A., Ostrouxova S. A., O’zbekiston mevachiligi, T., 1967.