Qang’li, Qangli, qangqali
Qang’li, Qangli, qangqali — turkiy xalqlar tarkibidagi bir guruh qabilalarning umumiy nomi. Qang’lilar o’zbeklarning 92 urug’i tarkibida ham uchraydi. Chingizxon istilosiga qadar Qang’lilar Ural tog’idan g’arbda, Emba va Ural daryolari oralig’ida joylashgan hududda yashaganlar. Mahmud Koshg’ariyning “Devonu lug’otit turk” asari va 10-asrgacha yozilgan Xitoy manbalarida, jumladan, milodiy 2-9-asrlarda mavjud bo’lgan turkiy qabilalar orasida Qang’li atamasi uchramaydi. Bu atamani ilk bor yuan sulolasi tarixi (“yuan shi”)da uchratish mumkin (13-asr). Unda Qang’li Xan davridagi (miloddan avvalgi 2-asr — milodiy 2-asrlar) gavchelar deb qayd , etilgan. Vey sulolasi tarixida (“Vey shu”) milodiy 3-5-asrlarda “gavche” (“baland arava” ma’nosida) lar 2 qismga bo’lingani aytilgan. Ulardan biri Di (qadimgi o’qilishda diek, ya’ni turk), byaoxe (uyg’ur), xolyu (xogursu), xopi (XIPni, chibni), xugu (qirg’iz), biqiszin (iltekin) kabi 6 qabiladan, 2-si chifuli (chipli), tulu (“tur”, ichjan (iljon, ilxon), Dalyan (Tarlon), kuxe (qug’a), dabogan (tarbakan, davgan), Alun (oyrun), Moen (muen, bayon), sifen (Irkin), fufulo (bo’rkli), chiyun (Qiyun, kien) va yushupi (yusib, yushib) kabi 12 qabiladan iborat bo’lgan. Ba’zan gaochelar Sharqiy turklar yoki uyg’ur deb ham atalgan. Ayrim olimlar qang’arlar Qang’ (Qangkiya) davlati hududida yashagan xalq, 10-12-asrlarda Markaziy Osiyoda paydo bo’lgan Qang’lilar ana shu o’tmishdagi qangkiyalarning avlodidir deb hisoblaydilar. Ammo Xitoy manbalarida Qang’davlati aholisi Qang’li yoki qang’ar deb atalgani haqida ma’lumot uchramaydi. Manbalarga ko’ra, Uyg’ur xoqonligi yemirilgach, gaoche (uyg’ur) larning katta bir qismi Mo’g’uliston va Sharqiy Turkiston hududidan hozirgi Markaziy Osiyo davlatlari va ularning g’arbidagi yerlarga ko’chib kelgan. 11-asrda Qang’lilarning ko’pchiligi Kichik Osiyo, Bolgariya va Vengriya yerlariga o’tib, mahalliy aholiga, ayrim guruhlari Volga bo’ylarida qolib boshqird, tatar xalqlariga qo’shilib ketgan. Qang’lining boshqa bir qismi esa Talas va Chu daryolari vodiysiga hamda balxash ko’lining Janubiy g’arbiy sohillariga o’rnashganlar. 11 —12-asrlarda Qang’lining katta guruhi Sirdaryo bo’ylariga qaytib kelgan. Xorazmshohlar davlati harbiy qo’shinida Qang’lilar katta nufuzga ega bo’lgan. Xorazmshohlar davlatining ichki siyosatida faol ishtirok etishgan. Qang’li yarimo’troqholda yashab dehqonchilik va chorvachilik bilan shug’ullanishgan. Ular bir necha urug’larga bo’lingan: sariq, qoraq, qizilq, boboq, oltmishq, bo’kaq va boshqalar 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida Qang’lidan 23 ming kishi O’zbekiston hududida (hozirgi Jizzax va Zominda 7,7 ming kishi, Jomboy va Ishtixonda 1,2 ming kishi, G’allaorodda 2 ming kishi, Xatirchida 0,6 ming kishi, Farg’ona vodiysida 6 ming kishi, Toshkent vohasida 3 ming kishi, Qoraqalpog’iston va Xorazmda 2,8 ming kishi) yashagan. Qang’li O’rta Osiyo xalqlari tarkibiga singib ketgan. Ad.: Shoniyozov K., Qang’davlati va qang’lilar, T., 1990. Abdulaxad Xo’jayev.