Temuriylar, Temuriylar davri
Temuriylar, Temuriylar davri — o’rta asrlarda Sohibqiron Amir Temur asos solgan markazlashgan buyuk saltanatni idora etgan sulola. Temuriylar hududi shimolda Ili daryosi va Xorazm (Orol) dengizidan Janubda Fors qo’ltig’iga qadar, Sharqda Xitoy va Hindistondan g’arbda Trabzun (qora dengiz)ga qadar ulkan maydonni qamragan. Davlat tuzilishi, qonun va qoidalari jihatidan Temuriylar musulmon sharqida o’rta asrlarda hukm surgan davlatlardan katta farq qilmasada, ammo uning boshqaruv tizimi Turkiston va Movarounnahr davlatchiligining asriy an’analari, saltanatga kirgan mamlakatlar bilan madaniy aloqalar asosida yangi tartib va qoidalar bilan takomillashtirilgan. Markazlashgan davlat tepasida: Temur ibn Tarag’oy Bahodir (1370-1405); Shohrux ibn Temur (1409-47); Ulug’bek ibn Shoxrux (1447-49); Abu Sayd ibn Sulton Muhammad (1458-69); Movarounnahrda (poytaxti Samarqand): Xapil Sulton (1405-09); Ulug’bek (140949); Abdullatif (144950); Abdullo Mirzo (1450-51); Abu Sayd ibn Sulton Muhammad (1451-69); Sulton Ahmad Mirzo (1469-94); Sulton Mahmud Mirzo (1494-98); Sulton Ali Mirzo (14981500). Xurosonda (poytaxti Hirot): Shohrux (13961447); Ulug’bek (144749); Abulqosim Bobur (1449-57); Shoh Mahmud Mirzo (1457); Abu savd ibn Sulton Muhammad (1458-69); Yodgor Mirzo (1470), Husayn Boyqaro (1470— 1506); Badiuzzamon ibn Sulton Husayn (1506-07); Muzaffar Mirzo (1506-07). Siyosiy hayot. Nihoyatda kengayib ketgan davlat Amir Temur vafotidan so’ng vorislar o’rtasidagi nizolar natijasida zaiflasha boshladi. 1405 yilning 16 mart kuni Mironshohning o’gli Xalil Sulton Samarqandni egallab, o’zini Movarounnahrning hukmdori deb e’lon qiladi. Oqibatda Shahzoda, Amir va viloyat noiblarining noroziligi kuchayib, isyon va g’alayonlar ko’tariladi. Dastavval Farg’onada Xudoydod bilan Shayx Nuriddin Xalil Sultonga qarshi qo’zg’alib, O’ratepa va Farg’onani egallab oldi. Bu davrda Xurosonda Shohrux, Balx, G’azni va Qandahorda Pirmuhammad; G’arbiy Eron va Ozarbayjonda Mironshohnnng o’g’illari Umar Mirzo va Abubakr Mirzo qokimi mutlaq bo’lib oladilar. Turkiston, Sabron, O’tror, Sayram viloyatlari Amir Berdibekning tasarrufiga o’tadi, Oltin O’rda amirlaridan Idiku Xorazmni zabt etadi. 1405 — 08 yillarda Balx, Xuroson, Seyiston, Kermon va Ozarbayjonda temuriy Shahzoda va ayrim amirlarning birinketin ko’tarilgan g’alayonlari kuchayib ketadi. Valiahd Pirmuhammad bunday g’alayon va fitnaning qurboni bo’ladi (1407 yil 22 Fevral). 1408 yil 22 aprel kuni qoraqo’yunli turkmanlarning yetakchisi qora Yusuf bilan bo’lgan jangda Mironshoh halok bo’lib, Ozarbayjon va Iroq viloyatlari Temuriylar qo’lidan ketadi. 15-asrning 20-yillarida bu ulkan mamlakat 2 davlatga bo’lingan edi. Ulardan biri Amudaryodan Janubda joylashgan bo’lib, uni Shohrux boshqargan (markazi Hirot shahri) edi. Ikkinchisi esa, Amudaryodan shimolda — Movarounnahr va Turkistonda vujudga kelib (poytaxti Samarkand shahri) uni O’lug’bek idora etgan edi. Ulug’bek otasi Shohruxning ko’magi bilan avval (1413) Xorazmni, so’ngra (1415) Farg’ona va Qashg’arni o’z tasarrufiga olib, davlatining g’arbiy va Sharqiy chegaralarining xavfsizligini ta’minlagan bulsada, ammo uning shimoliy va shimoli Sharqiy tomonlari xavotirli edi. Shu boisdan 15-asrning 30—40-yillari otasi Shoxrux bilan birga Dashti Qipchoqda Abulxayrxon bilan kurash olib borishiga to’g’ri keladi. Chunki ko’chmanchi chorvadorlar Movarounnahrning viloyatlariga muttasil bostirib kirar va o’troq aholini g’orat qilar edi. Movarounnahrni idora etishda, ayniqsa, tashki siyosatda Ulug’bek Temuriylarning bosh hukmdori Shohruxning irodasini izchil amalga oshiradi. Tashqi va ichki siyosatga aloqador har qanday masalani u otasi bilan maslahatlashib va kelishib, uning rozirizoligi bilan hal etgan. Shohrux 1447 yil 12 mart kuni nevarasi Sulton Muhammad isyonini bostirish vaqtida Ray viloyatida olamdan o’tadi. Shohrux vafotidan so’ng, Xuroson va Movarounnahrda temuriy shahzodalar o’rtasidagi nizolar yana avj oladi. Bu kurash oqibatida zamonasining mashhur olimi va hukmdori Mirzo Ulug’bek 1449 yil 27 oktabrda 55 yoshida Samarqand yaqinida fojiali suratda halok bo’ladi. Ulug’bek Movarounnahrni 40 yil (1409-49) idora etdi. Bu davrda mamlakatning siyosiy hayotida keskin kurash davom etganligiga qaramay, u shiddatli harbiy yurishlar uyushtirishga intilmadi. Aksincha, u o’z davlatini mustahkamlashga, mamlakat birligini saqlab qolishga va madaniy hayotni ko’tarishga harakat qildi. Ulug’bek fojiasidan so’ng, hokimiyatga bir vaqtning o’zida Samarqandda Ulug’bekning kuyovi Abdullo Mirzo, Buxoroda esa Mironshohning nabirasi Sulton Abu Saidlar podshoh qilib ko’tariladi. Abdullo Mirzo mamlakatda barqarorlikni tiklash uchun barcha choralarni ko’radi, ammo Temuriylar taxtida uzoq vaqt o’tira olmaydi. Avval u amakivachchasi Abu Sayd bilan, so’ngra qarindoshi Alouddavla bilan kurashadi. Muhorabada ittifoqchilar g’alaba qozonadi. Abdullo Mirzo jangda halok bo’ladi. Abu Sayd Abulxayrxon yordamida Samarqandni egallab, Movarounnahrga hokim bo’lib qoladi. Temuriylar mulkining Xuroson qismi bu davrda Shohruxning nabirasi Abulqosim Bobur tasarrufida edi. 1457 yilgacha u Xurosonni o’z qo’lida tutib turadi. Har ikkala davlat o’rtasida nizo kuchayib bordi. Yozma manbalarda qayd etilishicha, Xurosonda boshboshdoqlik avj olib, u bo’laklarga bo’linib keta boshladi. 1457 yilda Abulqosim Bobur vafot etgach, Abu Sayd Hirot shahrini egallab, saltanatning har 2 qismini birlashtiradi. Bu davrda Sulton Husayn (Umarshayxning nabirasi) Xorazmni egallab oladi. 1469 yil bahorida Abu Sayd (Ozarbayjon, G’arbiy Eron va Iroqqacha bo’lgan viloyatlarni egallab turgan) oqqo’yunli turkmanlarga qarshi yurish qiladi. Mug’on (Ozarbayjon) cho’lida uzun Hasan bilan bo’lgan jangda Abu Said halok bo’ladi. Otasining o’limidan so’ng, Abu Saidning vorislari Sulton Husayn bilan to’qnashmay Movarounnahrga qaytadilar. 1469 yilning 24 martida Sulton Husayn Xuroson hokimi sifatida Hirotning taxtini egallaydi. Natijada Temuriylar mulki yana 2 mustaqil qismga bo’linib ketadi. Movarounnahrda Abu Saidning o’g’illari Sulton Ahmad Mirzo, Sulton Mahmud Mirzo va Sulton Ali Mirzo hokimlik qiladi. Bu davrda Movarounnahr ham o’zaro ixtilofdagi shahzodalar va mulkdor zodagonlarning viloyat hokimliklariga bo’linib ketadi. Mamlakatning ijtimoiy va iqtisodiy hayotida sufiylik ta’limotining yirik namoyandalari, xususan Xoja Ahrornmng ta’siri kuchayadi, hatto u siyosiy hayotda ham muhim rol o’ynay boshlaydi. Masalan, mamlakat urush xavfi ostida qolib, el-yurt boshiga og’ir tashvishlar tushgan paytda Xoja Ubaydulpog’Ahror bir necha bor uni bartaraf qilishga jonbozlik ko’rsatadi. Sulton Husayn Boyqaro idora qilgan davlat Sharqiy va shimoliy Eron viloyatlari va Xorazmni birlashtirgan edi. U Temuriylarning qariyb 40 yil hukm surgan so’nggi yirik saltanati bo’lib, unda siyosiy vaziyat osoyishta emas edi. Xurosonda beto’xtov davom etgan o’zaro urushlarga, Shahzoda va amirlarning boshboshdoqligiga qaramay mamlakat aholisining turmush tarzi va madaniy hayoti Movarounnahrdagiga nisbatan yuksakroq edi. Ammo mamlakatning siyosiy hayotida kuchayib borayotgan keskinlik ichki munosabatlarda tobora ta’siri ortib borayotgan Dashtiqipchoqlik o’zbeklarning Movarounnahrda hokimiyatni qo’lga olishini hamda Temuriylar sulolasining zaiflashuvini yanada tezlashtirdi. Davlat boshqaruvi. Temuriylarda avval hokimi mutlaq — Amir Temur, so’ngra esa uning vorislari bevosita hukmronlik qilishgan. Saltanatni devonbegi — bosh vazir boshliq 7 vazirlikdan iborat arkony davlat — vazirlik Mahkamasi boshqargan. Ulardan 1-si — mamlakat varaiyat vaziri. U viloyat va tumanlardan to’planadigan hosil, soliq-o’lponlar va mamlakat obodonligi bilan shug’ullangan. 2-si — vaziri sipoh, ya’ni harbiy ishlar vaziri. U navkarlarning ta’minoti (maoshi, oziq-ovqat va qurolyarog’lari) bilan shug’ullangan. 3-si — tijorat (savdo) vaziri edi. U tashqi savdo boji tamg’a, chorvachilikdan to’planadigan zakot, egasiz qolgan mol-mulklarning tasarrufi, meros va merosxo’rlar kabi masalalar bilan shug’ullangan. 4-si — saltanatning moliya ishlari vaziri bo’lib, davlat xazinasining kirim-chiqimlarini boshqargan. Chegara viloyatlari va tobe mamlakatlar boshqaruvini nazorat qilish uchun maxsus 3 ta vazir tayin etilgan. Ular mazkur viloyat va mamlakatlardan davlat xazinasiga tushadigan daromadlarni nazorat qilgan. O’z navbatida bu 3 vazir saltanatning “xolisa” deb yuritilgan bosh nazorat hay’atini tashkil etgan. Bu 7 vazir devonbegiga bo’ysungan va u bilan bamaslahat davlatning moliyaviy ishlarini amalga oshirganlar. Yozma manbalardan ma’lum bo’lishicha, Amir Temur va Temuriylar hukmronligi davrida saltanat devonxonasida Amir Dovud, Jaloluddin Firuzshoh, G’iyosuddin Shohmalik, Alouddin Alika Ko’kaldosh va Alisher Navoiydek dono devonbegilar bu oliy mansabda faoliyat ko’rsatganlar, mamlakatni obodonligi yo’lida beqiyos xayrli ishlarni amalga oshirganlar. Devonxona qoshida arzbegi, Sadri A’zam, shayxulislom va ahdos qozisi kabi lavozimlar mavjud bo’lgan. Arzbegi fuqaro va sipohiylardan tushadigan arzu shikoyatlar hamda mamlakatdagi ahvol to’g’risida ma’lumot to’plash va bu borada oliy dargohga axborot berib turish kabi vazifalarni bajargan. Sadri A’zam — bosh sadr mamlakatdagi barcha vaqf xo’jaliklarini nazorat qilgan; davlat hamda er egalari tomonidan vaqf qilingan erlar va mulklarni qayd etgan va vaqfnomalar tuzib ularni qonunlashtirgan. Shayxulislom aholining turli ijtimoiy tabaqalari o’rtasida shariat ahkomlari va Islom aqidalarining bajarilishini nazorat qilgan. Davlatning bosh qozisi — qozi ulquzzot “ahdos qozisi” nomi bilan yuritilib u fuqaro ishlari bilan shug’ullangan. Saltanat Mahkamasida kirim-chiqimlarni qayd etuvchi maxsus munshi — kotib faoliyat ko’rsatgan. Mamlakat ma’muriy jihatdan ulus, viloyat va tumanlarga bo’linib, ular hokim, noib va tuman boshilar tomonidan boshqarilgan. Ularning aksariyati harbiy — amirlardan iborat edi. Har bir shahar va viloyatning moliya devoni, qozisi, muftisi, mutavallisi va muxtasibi bo’lgan. Lashkarlar uchun hatto maxsus qoziyi lashkar tayin etilgan. Har bir shaxar va qal’alarda qutvol (komendant) tayinlanib, unga shahar va qal’a istehkomlarini ta’mirlash va ularning mudofaasi Yuklangan. Fath etilgan viloyat va hududlar Temurzodalar va xizmat ko’rsatgan amirlarga suyurg’ol tarzida in’om qilinib, ular orqali boshqarilgan. Masalan, Amir Temurning to’ng’ich o’g’li Jaxrngirga Balx viloyati; Umarshayxga Fors viloyati; Mironshohga Ozarbayjon, Iroq va Armaniston; Shohruxga Xuroson, Jurjon, Mozandaron va Seyiston berilgan. Garchi uluslar Markaziy hukumatga itoat etsalarda, ammo ular ma’lum darajada mustaqil edilar. Ularda alohida devonxona, qo’shin bo’lib Markaziy hukumatga tobelik xirojining bir qismini Samarqandga yuborish va oliy hukmdor harbiy yurishlarida o’z qo’shini bilan qatnashish yoki talab etilgan sonda askar yuborishdan iborat edi. Suyurg’olga ega bo’lgan viloyat hokimlari — shahzodalar o’z uluslarida iloji boricha mustaqil hukmronlik qilishga intilgan. Markaziy hokimiyat esa, vaziyat jiddiylashgandagina ularning ichki ishlariga aralashgan. Shubhasiz suyurg’ol asosida shakllangan mulkchilik boshqaruv tartibining kuchayishi viloyatlar mavqeining oshishiga olib kelgan va ichki nizolarni keltirib chikargan. Temuriylar davrida o’rta asr yirik mulkdorlari davlat tayanchi bo’lib, ma’muriy jihatdan uning takomillashuviga suyurg’olning keng tarqalishi jiddiy to’sqinlik qilgan. El-yurtni boshqarishda harbiy kuchning ahamiyati katta bo’lgani tufayli uning takomiliga aloxida e’tibor berilgan. Amir Temur Amir va Amir ulumaro — bosh Amir kabi yuqori darajali harbiy unvonlar joriy etgan, qo’shin boshliqlarini tanlash va ularni tarbiyalash, lashkariy qismlar va ularning joylashish tartibi, navkar va sarbozlarning qurollanishi hamda ularning intizomi masalalariga nihoyatda ahamiyat bergan. Davlatni boshqarishda qurultoy va kengashlar o’tkazish alohida o’rin tutgan. Sharafuddin Ali Yazdiyning yozishicha, Amir Temur tomonidan qarshi, Samarqand, Qorabog’va boshqa joylarda o’tkazilgan qurultoy va kengashlarda shahzodalar, davlat ma’murlari, harbiy boshliqlar, ulamolar va mulkdor zodagonlarning vakillari qatnashgan. Ularda mamlakatning iqgisodiy va siyosiy axvoliga oid masalalar muhokama etilib, qarorlar qabul etilgan va tadbirlar belgilangan. Masalan, 1403 yilda Kavkazning Baylaqon shahrida chaqirilgan kengashga olimu fuzalolar taklif etilgan. Ulardan mamlakatni boshqarishda, xususan, uning obodonligi yo’lida amalga oshiriladigan xayrli ishlar — jamoat binolari va inshootlar qurilishlarida o’z maslahatlari bilan ko’mak berishlari so’ralgan. Temuriylar davrida o’tkazilgan qurultoy, kengash, shohona qabullar va dabdabali saroy marosimlariga o’rta asrlar davlatchiligining o’ziga xos an’analari mujassam etilgan. Tantanali izdahom tartibiyu qoidalaridan tortib, a’yonlarning to’yona libosu o’rinlarigacha e’tibor berilgan. Masalan, rasmiy marosimlarda Amir ulumaro, beklar begilar, amirlar, no’yonlar, Sardorlar, ulus, tumonot va qo’shunot amirlari, shuningdek, mingboshilar, yuzboshilar mansab va martabalariga qarab hukmdorning so’l tomonidan; sayyidlar, qozilar, ulamo, fuzalo mashoyix, ulug’va oliy tabaqadagi kishilar o’ng tarafidan o’rin olganlar. Devonbegi va Vazirlar — taxt ro’parasidan, kalontarlar (shahar hokimlari), kadxudolar (qishloq oqsoqollari) vazirlarning orqasidan joy olgan. Bahodurlar, qilichboz yigitlar — taxt orqasida, uning o’ng tarafidan, qorovullar esa, taxt orqasining chap tarafidan o’rin olishgan. Amir Temur hayotlik davridayoq davlatni boshqarish uslubiga bag’ishlangan maxsus asar yaratilib, u “Temur tuzuklari” nomi bilan shuhrat topgan. Unda davlatni boshqarishda kimlarga tayanish, toju taxt egalarining tutumi (yo’nalishi) va vazifalari, vazir va qo’shin boshlikdarini saylash, sipoxlarning maoshi, mamlakatni idora etish tartibi, davlat arboblari va qo’shin boshliqlarining burchi va vazifalari, amirlar, Vazirlar va b. mansabdorlarning toju taxt oldida ko’rsatgan alohida xizmatlarini taqdirlash tartibi va boshqalar bayon etiladi. Shunday qilib, Temuriylarda davlat tuzilishi, qonunqoidalarni tartibga solish bilan bir qatorda, oliy dargoh hayoti bilan bog’liq an’analar ham qaror topgan. Mamlakat obodonligi. Amir Temur va Temuriylar mamlakat mustaqilligi, el-yurt osoyishtaligi va uni obod etishga katta ahamiyat berdilar. Bu davrda Chingizxon hujumi va mo’g’ullarning beto’xtov bosqinlari oqibatida vayronaga aylangan Samarqand, Buxoro, Termiz, Marv, Banokat (Shohruxiya) kabi qadimgi shaharlar, qal’a va istehkomlar qayta tiklandi, ya’ni shaharlar va qishloqlar qad ko’tardi. Markaziy shaharlar va ularning tevarak atrofida kurkam ma’muriy, ma’rifiy va jamoat binolari, suv inshootlari qurilib, bog’u bo’stonlar barpo etildi. Daryo va soylardan yirik sug’orish tarmoqlari qazib chiqarilib, minglab gektar qo’riq va bo’z erlar o’zlashtirildi, sug’orma dehqonchilik maydoni kengaytirildi. Soliq tizimining tartibga solinishi bilan mamlakat iqtisodiyotining asosi bo’lgan dehqonchilik, hunarmandchilik hamda ichki va tashqi savdo rivojlandi. Sohibqiron Kesh shahriga alohida e’tibor berib, uni Turkiston diyorining ma’naviy markaziga aylantirishga harakat qiddi. Bu shahar “Qubbat ulilm valadab” (“ilm va adabning gumbazi”) deb yuritildi. Samarqand saltanat poytaxtiga aylantirilgach, unda Isfahon, Sheroz, Xalab, Xorazm, Buxoro, Nasaf va Keshning me’moru binokorlari qo’li bilan saroylar (Bo’stonsaroy, Ko’ksaroy), masjidlar, maqbara va xonaqohlar qurildi. 1403-04 yillarda Samarqandda bo’lgan Ispaniya elchisi Rui Gonsales de Klavixo Amir Temurning olib borayotgan binokorlik ishlaridan hayratda qolgan. 14-asrning oxiri — 15-asrlarda Samarqandda ko’rkam va muhtasham binolardan tashqari, turlituman hunarmandlar mahallalari yuzaga keldi. Klavixoning yozishicha, hunarli birorta kishining Movarounnahrni tark etishiga yo’l qo’yilmagan. Aksincha, Amir Temurning amri bilan Damashqning eng mohir to’quvchilari, Xalabilaning mashhur paxta yigiruvchi va Anqaraning movut to’quvchilari, Turkiya va Gurjistonning zargarlari, xullas, kasbhunar sohasida qaysi shaharda nom chiqargan hunarmand bo’lsa, Samarqandga ko’chirilib kelingan. Shaharda turli mazhab va dinlardagi kishilar yashagan. Amir Temurning obodonchilik faoliyati an’anaga aylanib, uning vorislari tomonidan davom ettirilgan. Temuriy shahzodalar, nufuzli amiru Vazirlar, viloyat va ulus hokimlari, hatto ayrim malikalar o’z shaxsiy mablag’larining kattagina qismini masjidu madrasalar, xonaqohu shifoxonalar, hammomu bozorrasta (Chorsu)lar, rabotu karvonsaroilar, suv inshootlariyu bog’rog’lar barpo etishga sarf qilganlar. Masjid va madrasalar, shifoxona va xonaqoxlarning sarfu xarajati uchun ekin maydonlari, tegirmon, objuvoz, moyjuvoz va do’konlar vaqf etilib, mudarrisu talabalarga dah’yak (maosh) belgilangan. Hirot, Mashhad, Balx va Marv shaharlari va qasabalarining obod etilishida Shohrux Mirzo hamda Ulug’bekning onasi Gavharshod begimshsht hissalari katta bo’lgan. Masalan, 1410 yil Hirotda 2 madrasa, xonaqoh va hashamatli saroy bino qilingan. Hirotning Saripuli Injil mavzeida 1432 yilda qad ko’targan Madrasa, Mashhadning jome masjidi Gavharshod begimning nomi bilan bog’liq. Ushbu madrasalar qurilishiga Qavomuddin me’mor Sheroziy boshchilik qilgan. Shayx Shahobuddin ibn Shayx Ruknuddin madrasaga bosh mudarris qilib tayinlangan. 15-asrda Movarounnahrda, xususan, Samarqand, Buxoro, Xo’jand, Toshkent va boshqa shaharlarda binokorlik ishlariga, ayniqsa, Mirzo Ulug’bek katta ahamiyat bergan. Uning davrida madrasa, masjid, xonaqoh, hammom, Sardoba va karvonsaroilar qad ko’targan. Qabriston va ziyoratgoxlar obod etilgan. Bu davrda shahar obodonchiligi, xususan, me’morligi rivoj topgan. Samarkand Registoni qayta rejalashtirilib, unda madrasa, 210 gumbazli Ko’kaldosh jome masjidi, karvonsaroy, Muqatta masjidi, Mirzoiy hammomi qad ko’targan. Bu ulkan va noyob qurilishlar orasida 15-asrning 20 yillarida Samarqandda bino qilingan Ulug’bek rasadxonasi alohida o’rin tutadi. 15-asrda Xuroson shag’arlari, ayniqsa, uning poytaxti Hirotning obod etilishi Sulton Husayn Boyqaro va uning vaziri Alisher Navoiy nomlari bilan bog’liq. Xurosonda, xususan, Hirot va uning tevarak atrofida Navoiy va uning safdoshlari tashabbusi bilan 300 dan ortiq jamoat binolari (masjid, madrasa, maqbara, xonaqoh, hammom, shifoxona, saroy, ko’shk, istirohat bog’lari, rabotlar) hamda sug’orish inshootlari (hovuz, ko’prik, band — suv omborlari) barpo etilgan. Qurilishlarning aksariyati Navoiyning bevosita homiyligi bilan yoki uning mablag’iga amalga oshirilgan. Xondamirning yozishicha, Navoiy 52 rabot, 19 hovuz, 16 ko’prik, 9 hammom va bir nechta madrasa, masjid, shifoxona va xonaqohlar qurdirgan. Movarounnahr va Xurosonning Temuriylar davri binokorligida shifoxonalar, hammomlar va istirohat bog’lari alohida o’rin tutadi. Bunday inshootu istirohat maskanlari O’rta Osiyo va yaqin Sharqda 8-9-asrlardayoq qad ko’tarib, 15-asrda esa Samarqand, Buxoro, Gurganj, Toshkent, Marv, Hirot, G’azna, Ray, Hamadon va Isfahon kabi Sharqning nufuzli shaharlarida barpo etilgan. Mana shunday shifoxonalardan biri temuriy malikalardan Mulkat og’o tomonidan qurilgan dor ushshifoga Mavlono Darvishali bosh Hakim etib tayinlangan. Barcha muolaja ishlari unga topshirilgan. Shifoxonalarda maxsus dorixonalar bo’lib, doripazlar bemorlar uchun doridarmonlar tayyorlab berganlar. Bu davrda Hirot dor ushshifosi, ayniqsa kahhollari (okulist) g’oyat Shuhrat topgan. Navoiyning inoyati bilan yetishib chiqqan G’iyosuddin Muhammad, Nizomuddin Abdulhay, Darvishali, Muhammad Yusuf, Abdulhay Tuniy, Muhammad Mu’in kabi mashhur tabiblar uzoq vaqt faoliyat ko’rsatganlar. Umuman, Navoiyning homiyligida 12 ming tolibi ilm, olim, tabib, shoir, Muzahhib, musavvir, zargar, duradgor va binokorlar kamol topgan. Saltanatda hukm surgan nisbatan barqarorlik, yirik shahar va viloyatlarda amalga oshirilgan obodonchilik, sug’orma dehqonchilikning kengayishi bilan mamlakatning iqtisodiy hayotida muhim o’rin tutgan hunarmandchilik va tovarpul munosabatlari rivoj topgan. Ilk o’rta asrlarda shakllangan 3 qism (Ark, Shahriston va rabod)li voha shaharlari kengayib, ko’p darvozali yagona mudofaa devori bilan o’ralgan yangi qiyofadagi yirik va gavjum shaharlar qad ko’targan. Bu davrda Samarqand, Buxoro, Toshkent, Kesh (Shaxrisabz), Shohruxiya, Termiz, Nasaf va Axsikat kabi shaharlar o’zining topografik qiyofasi, aholisining kasbikori, ichki va xalqaro tashqi tijorati bilan o’rta asrlar Sharqining namunali hunarmandchilik va gavjum savdo markazlariga aylangan. Hunarmandchilikning turli tarmoklari rivoj topib, shaharlarning tarixiy topografiyasi tubdan o’zgargan. Ularda hunarmandchilik mahallalarining soni ortib, guzar, ko’chako’y, bozor rastalari, toqu ravoqli, gumbazli timlar —chorsular qad ko’targan. Ko’pgina yirik shaharlarda “Zargaron” (“zargarlik”), “Misgaron”, “Suzangaron”(“ignasozlik”), “sovutsozon”, “Sangtaroshon” (“toshtarovchi”), “shishapazon”, “Charmgaron”(“ko’nchilik”) kabi maxsus hunarmandchilik mahallalari tashkil topgan. Hunarmandchilik sohasida to’qimachilik, kulolchilik, chilangarlik va binokorlik yetakchi o’rin tutgan. Samarqandda, ayniqsa, qog’oz ishlab chiqarish. alohida ahamiyat kasb etgan. Shahar yaqinida Obirahmat anhori sohilida qog’oz ishlab chiqariladigan maxsus objuvozlar va korxonalar joylashgan. Tashqi savdo va pul munosabatlari. Xitoydan O’rta dengiz bo’ylari tomon yo’nalgan qadimgi karvon yo’li kesib o’tgan yuyat ulkan hududda yagona saltanatning barpo etilishi bilan bu xalqaro muloqot yo’lida Temuriylar shubhasiz sarbonlik qilish imkoniga ega bo’lishgan. Ular savdo karvonlari qatnovi xavfsizligini ta’minlashga, Sharq va G’arb mamlakatlariaro savdo va elchilik aloqalarini har tomonlama kengaytirishga jiddiy e’tibor berishgan. Temuriylar davrida Xitoy, Hindiston, Tibet, Oltin O’rdaga tobe Rusiya, Volga bo’yi, shuningdek, Janubiy Sibir bilan muntazam savdo-sotiq qilingan. Xitoydan, asosan, shoyi, chinni, Gavhar va mushk; Hindistondan ip mato, Nil(bo’yoq), muskat yong’og’i, qalampirmunchoq, dolchin va Anbar; Rusiya va Sibirdan qimmatbaho mo’yna, teri va mum olib kelinardi; Yevropadan gazmollar, movut va ko’pgina boshqa tovarlar keltirilgan. Samarqanddan chet mamlakatlarga: bo’z, duxoba, shoyi gazlama, qog’oz, quruq meva, guruch, paxta va kalava (yigirilgan ip) va boshqalar chiqarilgan. Tashqi savdoni kengaytirishda Temuriylarning turli mamlakatlar bilan olib borgan elchilik aloqalari muhim ahamiyatga ega bo’lgan. 15-asrning 20— 40-yillarida Shohrux va Ulug’bek idora etgan davlatlar bilan Xitoy, Tibet va Hindiston o’rtasida muntazam elchilar almashib turilgan. 1418 yilda Ardasher boshliq Shoxrux elchilari katta karvon bilan Xitoyda bo’lgan. 1419 yilda esa, bunga javoban Li Di va Jong ku Xitoydan Samarqand va Hirotga elchi bo’lib kelganlar. 1420 yil Shohrux va Ulug’bek 530 nafarli elchilik karvonini Xitoyga jo’natishgan. Shohrux elchilariga Shodixoja bilan Amir Ko’kcha, Ulug’bek elchilariga esa Sultonshoh bilan Muhammad baxshi boshchilik qilgan. Bu davrda Temuriylar Tibet va Hindiston bilan ham elchilik munosabatlarini o’rnatishgan. 1421 yil Tibetdan Buxoro va Samarqandga elchilar kelgan. 1441-42 yillarda Shohrux Hindistonga Bijayanagar saroyiga tarixchi Abdurazzoq Samarqandiy boshliq elchilarni yuboradi. U Kermon, Hurmuz va Fors qo’ltig’i orqali Hindistonga qilgan sayohatini yozib qoldirgan. 14-asrning oxiri va 15-asrning 1-yarmida Temuriylar davridagi iqtisodiy taraqqiyotga (hunarmandchilik, ichki va tashqi savdo) mamlakatda o’tkazilgan pul islohotlari turtki bo’lgan. Dastlab, Amir Temur, so’ngra ayrim Temuriylar mamlakatda yagona pul birligini joriy etishgan. Amir Temur vazni 6 g li “tanga” va 1,5 g li “miri” deb yuritiladigan 2 xildagi kumush tangalarni zarb etgan. Bu kumush tangalar Suyurg’atmishxon va Sulton Mahmudxon nomlari bilan Movarounnahr, Xuroson, Eron, Ozarbayjon va Iroqning 40 dan ortiq yirik shaharlarida chiqarilgan. Shohrux Astrobod, Buxoro, dom/on, Isfahon, Kushoniya, Kermon, qum, Nishopur, Marv, Samarqand, Sabzavor, Sultoniya, Tabriz, Xorazm, Hirot, Sheroz va boshqa shaharlarda o’z nomi bilan kumush tangalar zarb etib, pulning ichki savdodagi muomalasini tartibga solgan. Bu borada 1428 yilda Ulug’bek o’tkazgan fulusiy (mis) pullar islohoti ayniqsa katta ahamiyat kasb etgan. Mehnatkash aholini ichki chakana savdoga kengroq jalb etish maqsadida Ulug’bek mahalliy hokimiyatning yengil vazndagi barcha chaqa pullarini man etgan. Bir vaqtning o’zida u Buxoro, Samarqand, Qarshi, Termiz, Toshkent, Shohruxiya va Andijonda zarbxonalar barpo qilib, bir xil vazndagi salmokdor fuluslar zarb ettirib, muomalaga chiqargan. Xalqo’rtasida Ulug’bekning chaqalari “fulusi Adliya”, ya’ni “adolatli chaqa” nomi bilan Shuhrat topgan. Shu bilan birga Ulug’bek tashqi savdodan keladigan daromadni oshirish maqsadida “tamg’a” — savdo bojini bir muncha ko’paytirgan. Temuriylarda ichki va tashqi savdoning kengayishi, kasbhunar tarmoklarining rivoj topib, hunarmandchilik mahsulotlari hajmining ortib borishiga turtki bo’lgan. Dehqonchilik va sug’orish ishlari. Mamlakatning iqtisodiy hayotida dehqonchilik asosiy o’rin tutgan. Shu bois Temuriylar dehqonchilikning bosh omili bo’lgan sug’orish ishlariga katta ahamiyat berishgan. 14-asrning oxiri — 15-asrning 1-yarmida Movarounnahr va Xurosonda yirik sug’orish tarmoqlari qazilib, korizlar, suv omborlari — bandlar va hovuzlar barpo etilib, suv tanqis viloyat va vohalar, shahar, qishloqlarning suv ta’minoti yaxshilangan. Qo’riq va bo’z yerlar o’zlashtirilib, obikor yerlarning maydoni kengaytirilgan. Yangi-yangi qishloqlar, chorbog’lar va Sayilgoh bo’stonlar barpo etiladi. Amir Temur Samarqand vohasi, poytaxt va uning tevarak atrofini obod etilishi ga alohida e’tibor bergan. Obirahmat, Mazdahin, Bozor, Korand va Nahri jadid kabi sug’orish tarmoklari orqali obod etilgan qishloqlarning soni 72 taga yetgan. Yangi qishloqlarning bir qismi Sharqning mashhur shaharlari: Damashq, Qohira, Bag’dod, Sultoniya va Sheroz nomlari bilan ulug’langan. Sohibqiron Xuroson, Eron, Kavkaz va boshqa viloyatlarda ham bir qancha yirik sug’orish ishlarini amalga oshirgan. Uning farmoni bilan Murg’ob daryosidan 20 dan ortiq sug’orish tarmoqlari qazilib, Marv vohasi qayta obod etilgan. 1401 yil Kavkazning Baylaqon mavzeida Arake daryosidan chiqarilgan Barlos kanali zamonasining yirik irrigatsiya inshootlaridan biri bo’lgan. Kanalning uzunligi 10 farsax (60-70 kilometr) bo’lib, kemalar qatnay olgan. Shohrux va Ulug’bek hukmronligi davrida sug’orish ishlari yanada kengaygan. Dashtlarga suv chiqarilib, bo’z erlar o’zlashtirilgan. Xususiy sohibkorlar esa, hatto birikki yil davomida soliq va to’lovlardan ozod etilgan. Bu davrda Temuriylar Samarqand, Qashqadaryo, Marv vohalari, Tus vodiysi va Xirotda yirik sug’orish inshootlari barpo etilib, dehqonchilik maydonlarining suv ta’minotini tubdan yaxshilashgan. Masalan, Angor kanali qayta tiklanib, Zarafshon daryosi suvining bir qismi Qashqadaryo vohasiga tashlangan. Mo’g’ullar tomonidan vayron etilgan Murg’ob daryosining bosh to’g’oni — Sultonband tiklanib, Marv shahri va vodiysi suv bilan to’la ta’minlangan. Mirzo Ulug’bek tomonidan Buxoroning Somonjuq dashtiga suv chiqarilib, yangi yerlar o’zlashtirilgan. Navoiyning tashabbusi bilan Tus viloyatida Turuqband suv ombori qurilib, undan 10 farsax masofada kanal orqali Mashhadga suv keltirilgan. Bu davrda qishloq xo’jaligida g’allakorlik, sabzavotchilik, polizchilik, bog’dorchilikka ahamiyat berilgan. Chorvachilikda — yilqichilik, qorako’lchilik, tuyachilik muhim o’rin tutgan. Temuriylar davrida mulkchilik munosabatlari yanada takomillashgan. Mulkning, asosan, 4 shakli: “mulki devon” (davlat erlari), “mulk” (xususiy yerlar), “mulki vaqf” (madrasa va masjidlar tasarrufidagi yerlar) va “jamoa yerlari” bo’lgan. Temuriylar yerlarining katga qismi davlat mulki hisoblangan, ularni “suyurg’ol” yoki “Tarxon” tarzida in’om qilish keng tarqalgan. Abdurazzoq Samarqandiyning yozishicha, Shohrux davrida Xorazm — Shohmalik; Farg’ona — Mirzo Ahmad; Tus, Mashhad, Obivard, Nisoni qamragan Xuroson — Boysung’ur; Kobul, G’azna va Qandahrr viloyatlari Mirzo Qaydu Bahodirning suyurg’oli edi. Suyurg’ol yorlig’iga ega bo’lgan viloyat hukmdorlari Markaziy hokimiyatga nomigagina karam bo’lib, odatda, ular deyarli mustaqil bo’lishgan. Tarxonlik yorlig’ini olgan mulkdorlar barcha soliq, to’lov va majburiyatlardan ozod etilgan. Tarxonlik amirlar, beklar, saroy amaldorlari, sayyidlar va boshqa yuqori tabaqa vakillariga berilgan. Shu boisdan davlat solig’idan tushadigan daromadning talaygina qismi tarxonlar qo’lida to’plangan. Mamlakatning siyosiy hayotida ular g’oyat katta kuchga aylangan. 15-asrda yer maydonlari, suv manbalari, do’kon, korxona, tegirmon, objuvoz, bozor rastalari, karvonsaroylar va boshqalar. Madrasa, masjid, xonaqoh, shifoxonalarga biriktirilib, ular “mulki vaqf” deb yuritilgan. Ulardan tushgan daromad xayriya ishlariga (masjid, madrasa, shifoxona xarajatlari; jihozi; mutavalli, mudarris, tabib va talabalar uchun) sarf etilgan. Davlat yoki vaqf, Tarxon yoki suyurg’ol erlarda koranda bo’lib mehnat qiluvchi ziroatchilar “muzara'” deb atalgan. Ularning hissasi yer egasining urug’lik, omoch, ho’kiz, ot va arava kabilar bilan ta’min etishiga qarab, 1/3, 1/4 yoki 1/5 hajmda belgilangan. Sug’orma dehqonchilik yerlardan “mol” solig’i olingan. Daryo, buloq va koriz suvlari bilan sug’oriladigan obikor yerlardan “mol” solig’i hosilning 1/3 (33%) mikdorida undirilgan. Lalmi yerlardan hosilning 1/6 dan to 1/8 miqdorida soliq solingan. Mulk yerlarining bir qismi “ushr” mikdorida soliq to’lagan. Bunday yerlar ilm-fan, ma’rifat va ma’naviy hayotning namoyandalari (Sayyid, Xoja, ulamo, shayxlar) tasarrufida bo’lgan. Masalan, 15-asrning yirik mulkdori Xoja Ubaydulloh Ahror 1300 ushriy mulkidan har yili Samarqand hokimi Sulton Ahmad xazinasiga g’allaning o’zidan 80 ming botmon (1 botmon — 20 kg) mikdorida ushr to’lagan. Yuqorida qayd etilgan soliklardan tashqari fuqarodan soliq yig’uvchi (muxassilona), hosilni belgilovchi (sohib jamona), kirimni boshqaruvchilar (zobitona, “dorug’ona”), suv taqsimlovchi (“mirobona”) kabi to’lovlar undirib olingan. Shuningdek, aholi favqulodda xarajatlar uchun “avorizot” va “tavojjuhoti xorijiy” kabi odatdan tashqari soliqlarni ham to’lagan. Madaniy hayot. 15-asr va 16-asr boshlarida Samarqand, Hirot, Buxoro va G’ijduvon kabi bosh shaharlarda Amir Temur an’analari davom ettirilib, olimu muhandis, shoiru bastakor, me’moru Binokor va naqqoshu musavvirlarning guruhi to’plangan edi. Movarounnahrda, xususan, Samarqandda ilmfan va san’atning taraqqiyotida Ulug’bek va uning atrofida yig’ilgan olimlarning o’rni va hissasi nihoyatda buyukdir. Movarounnahr va Xurosonning boy va serqirra madaniyatiga, Islom dunyosining ma’naviy an’analariga suyangan hamda o’z davrining madaniy tajribalaridan to’la foydalana bilgan Ulug’bek mamlakatning ravnaqi, ayniqsa, uning ma’naviy kamolotida ilm-fanning va san’atning naqadar muhimligini yaxshi tushunardi. U mamlakatning siyosiy va iqtisodiy hayotini boshqarish bilan bir qatorda ilmiy ishlar bilan shug’ullandi. Ilmiy munozaralar o’tkazdi. Ulug’bek Movarounnahr shaharlarini, xususan, Samarqand va Buxoroni ilmu ma’rifat dargohiga aylantirishga intildi. Uning farmoni bilan Buxoroda (1417), Samarqandda (1417-20) va G’ijduvonda (1433) madrasalar barpo qilindi. Hatto, Buxoro madrasasining darvozasiga: “bilim olish har bir musulmon ayolu erkakning burchidir”, degan kalima yozib qo’iilgan. Bu madrasalar zamonasining dorilfununi hisoblanib, ularda Qur’on, hadis, tafsir, fiqh (din va shariat qonunqoidalari), riyoziyot (mat.), handasa (geometriya), jo’g’rofiya (geografiya), ilmu aruz (poetika), Arab tili va uning morfologiyasi kabi dunyoviy ilmlar ham o’qitildi. Samarqand madrasasida Shamsuddin Havofiy, Qozizoda Rumiy, G’iyosuddin Jamshid, Ulug’bek, Alouddin Ali Qushchilar turli fanlardan dare berishgan. Bu davrda Samarqandda Ulug’bek madrasasidan tashqari xonim, Firuzshoh, Shohmalik, Xojabek, Mirabduvali va Qutbiddin Sadr nomli madrasalar ham qad ko’targan. 15-asrda Movarounnahr va Xurosonda tarix fani xam rivoj topdi. Hofizi Abru, Abdurazzoq Samarqandiy, Mirxond, Xondamir, Isfizoriy, Davlatshoh Samarqandiy va boshqa ko’pgina tarixchilar Samarqand yoki Hirotda yashab ijod qildilar. “Zubdat attavorix” muallifi Hofizi Abru, “matlai sa’dayn va majmai Bahrayn” nomli asarni yozgan Abdurazzoq Samarqandiy o’z asarlarini Amir Temur va Temuriylar hukmronlik qilgan davrga bagishladilar. Mirxond “Ravzat ussafo” va Xondamir “Habib ussiyar” o’z asarida Sulton Husayn hukmronlik qilgan davr voqealarini bayon qildi. Muiniddin Isfizoriy esa Hirot tarixini ezdi. Temuriylar davrida adabiyot badiiy uslub jihatidan takomillashdi, yangi pog’onaga ko’tarildi. Nasr va nazmda ko’plab Nodir asarlar yaratildi. Bu davrda zamonasining etuk shoiru adiblari: qutb, Sayfi Saroyi, Xaydar Xorazmiy, Durbek, Amiriy, Yaqiniy, Atoiy, Sakkokiy, Lutfiy va boshqalar yashab ijod qiladilar. Durbekning “Yusuf va Zulayho” dostoni, Atoiy devoni, Lutfiyning “Zafarnoma” va “gul va Navro’z” dostonlari shu davr badiiy adabiyotining durdonalaridandir. Bu davrda o’zbek shoirlari ichida Lutfiy alohida o’rin tutdi. Navoiyga qadar o’zbek she’riyatida Lutfiy darajasiga etadigan shoir o’tmagan. U o’zbek tilida asarlar, fors tilida qasidalar yozdi. Bu davr badiiy adabiyoti taraqqiyotida Abduraqmon Jomiy hamda Alisher Navoiyning xizmati g’oyat buyukdir. 15-asrda ilm-fan va adabiyot bilan bir qatorda kitobat san’ati, ya’ni qo’lyozma asarlarni ko’chirib yozish va u bilan bog’liq bo’lgan xattotlik, musavvirlik, lavvohlik (lavha chizish) va sahhoflik (muqovasozlik) san’ati ham nihoyatda taraqqiy etadi. Bosmaxona va kitob nashr etish hali vujudga kelmagan zamonda kitob yaratish va uning nusxalarini ko’paytirish og’ir mehnat va ko’p vaqt sarf etiladigan mushkul ish bo’lgan. Ayniqsa, nafis kitob yaratish o’ta murakkab va juda mashaqqatli bir jarayon bo’lib, u qog’ozrez (qog’oz tayyorlovchi), xattot, musavvir, lavvoh kabi bir necha xil mutaxassislarning mehnati va malakasi bilan bog’liq edi. 15-16-asrlarda bir qancha iste’dodli xattot, musavvir, lavvohlar etishadi. Abdurahmon Xorazmiy, Sultonali Mashhadiy, Sultonali Xandon, Mirali Qilqalam, Xalvoiy, Rafiqiy shular jumlasidandir. 15-asr va 16-asr boshlarida Temuriylarda tasviriy san’at ham taraqqiy topadi. Kamoliddin Behzod, Mirak Naqk,osh, Qosimali, Mahmud Muzahhib, Xoja Muhammad Naqqosh va Shoh Muzaffar kabi mo’yqalam sohiblari etishadi. Behzod asos solgan Hirot musavvirlik maktabi ulkan yutuqlarga erishadi. Bu davr tasviriy san’at obidalari o’zining mavzui va voqeliligiga qarab portret, hayotiy lavhalar, tabiat manzaralari, bino va badiiy asarlarga ishlangan tasvirlardan iborat bo’lgan. Bizgacha Jomiy, Navoiy, Abdulla Xotifiy, Behzod, Husayn Boyqaro, Bobur va Shayboniyxon portretlari saqlanib qolgan. 14-15-asrlarda musiqa san’ati taraqqiyotida xdm yangi bosqich bo’ldi. Bu davrda yangi kuy va qo’shiqlar, cholg’u asboblari va musiqa nazariyasiga doir asarlar yaratildi. Mahoratli sozandalar, bastakorlar va hofizlar etishadi. Abduqodir Nayi, Qulmuhammad Shayxiy, Husayn Udiy, Shohquli G’ijjakiy, Qosim Rabboniy, Darvesh Ahmad Qonuniy, Xoja Yusuf Andijoniy, Ustod Shodiy, Najmiddin Kavkabiy shular jumlasidandir. Omilkor musiqachilar bilan bir qatorda Ulug’bek, Navoiy, Jomiy va Binoiy kabi mutafakkir va shoirlar ham musiqa sohasida ijod qildilar. Masalan, Ulug’bek “Bulujiy”, “shodiyona”, “axloqiy”, “Tabriziy”, “usuli ravon” va “usuli otlig'”; Navoiy “Isfahoniy” kuylarini ijod qiladi. Jomiy va Binoiy musiqa nazariyasiga doir asarlar yaratdilar. Shubhasiz, musiqa san’ati ham 14— 15-asrlarda san’atning boshqa turlari va she’riyat bilan uzviy aloqada yangi taraqqiyot pog’onasiga ko’tariladi. Mohir san’atkor mashshoqlar, bastakor va hofizlar etishadi, Nodir va bebaho san’at asarlari vujudga keladi. Shunday qilib, Amir Temur asos solgan davlat qadimgi sharqda 3 yo’nalishda (o’troq dehqonchilik, dasht chorvachiligi va shaharsozlik) shakllangan tsivilizasiyalar qorishgan TuronTurkiston hududlarida rivoj topib qiyomiga etgan davlatchilikning Nodir namunasi edi. Biroq 15-asr oxirida Temuriylar o’rtasida avj olib ketgan ixtiloflar, ayrim viloyat hokimlarining uzluksiz o’zaro kurashlari shaharlarda hunarmandchilik va savdosotiqqa zarar etkazib, vohalarda dehqonchilik xo’jaliklarini xonavayron qilgan. Bunday og’ir ahvolda davlatning iqtisodiy va ma’muriy hayotida muhim mavqega ega bo’lgan yuqori tabaqa vakillarining bir qismi Temuriylarga nisbatan sotqinlik yo’lini tutdi. Bu asnoda Farg’ona hokimi Bobur saltanatini shayboniylardan himoya qilish va uning barqarorligini saqlab qolish yo’lida astoydil kurashgan. Biroq bunday sharoitda Bobur ham uz Vatanini tark etib, o’zga yurtlarga yuzlanishga majbur bo’ddi. U avval Afg’onistonni, so’ngra shimoliy Hindistonni bo’ysundirib, Boburiylar saltanatiga asos soldi. Bu davlat Temuriylar davlatchiligi udumlarini davom ettirib, 3 asrdan ortiqroq hukm surdi. Bu davr mobaynida Hindiston yuksalgan va ravnaq topgan. Ad.:Abdurazzoq Samarqandiy, matlai sa’dayn va majmai Baxrayn, T., 1969; Ibn Arabshoh, ajoib ulmakdur Fi axbori Temur, T., 1992; Mirza Muhammad Xaydar, Tarixi Rashidi. T., 1996; Nizomiddin Shomiy, Zafarnoma, T., 1996; Sharafuddin Ali Yazdiy , Zafarnoma, T., 1996; Ahmedov B., Ulug’bek, T., 1989; Fayziev T., Mirzo Ulug’bek avlodlari, T., 1994; Fayziev T., Temuriylar shajarasi, T., 1995; Muhammadjonov A., Temur va Temuriylar saltanati, T., 1996;3axidov P., Arxitekturnie tayni observatorii Ulugbeka, T., 2003. Abdulahad Muhammadjonov.